Qadrli hamkasblar!
Jonajon diyorimizda yana bir yil o‘z yakuniga etmoqda. Bu yil xalqimiz uchun nihoyatda sinovlarga boy yil bo‘ldi. Dastavval butun dunyoni qamrab olgan illat-koronavirus pandemiyasi xalqimiz irodasini imtihon qilgan bo‘lsa, uning ortidan Sardoba suv ombori falokati viloyatimiz aholisi yakdilligini yana bir tekshirib ko’rdi. Albatta, tarixiy sinovlarda metindek toblangan xalqimiz bu kabi imtihonlarni yakdillik bilan engib o‘ta olishini yana bir bora isbot qilib berdi.
Qadrli hamkasblar! Kirib kelayotgan 2021-yil biz uchun har qachongidanda ko‘proq kuch-g‘ayrat, mehnat va jonkuyarlikni talab qiladi. Barcha sohalarda bo‘lganidek, oliy ta’lim tizimiga ham pandemiyaning salbiy ta’siri o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. 2021-yilda biz bu boradagi kamchiliklarni imkon qadar to’ldirishimiz joiz bo‘ladi. Oliy ta’lim yurtimiz uchun salohiyatli kadrlarni etishtirib beruvchi asosiy bo‘g‘in ekan, Sizlarga bunday mas’uliyatli jarayonda kuch-g‘ayratlar tilayman.
Professor-o‘qituvchilar va xodimlar!
Sizni, jamoamizning barcha a’zolarini kirib kelayotgan Yangi, 2021-yil bilan samimiy tabriklar ekanman, har biringizning hayotingizga, oila a’zolaringizga mustahkam sihat-salomatlik, olam-olam shodlik, bitmas-tuganmas baxt tilayman. Yangi yil yangi va yanada quvonchli marralarga boy bo’lsin!
Doimo sog‘-omon bo‘ling, hurmatli hamkasblar!