Rektor murojaati
Guliston davlat universiteti rektori
M.Xodjiyevning Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning
tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan muloqotida belgilangan
vazifalalarni amalga oshirish bo‘yicha murojaati
Aziz
yoshlar! Qadrli talabalar!
Bugun mamlakatimiz hayotida, ayniqsa, ta’lim va yoshlar siyosati sohasida yangi davr boshlandi. “Ko‘ksaroy” qarorgohida Davlatimiz
rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 60 mingga yaqin yoshlar vakillari
bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqoti biz – oliy ta’lim mutasaddilari
zimmasiga naqadar yuksak mas’uliyat yuklanganini yana bir bor anglatdi.
Prezidentimizning “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, degan so‘zlari har birimizning qalbimizda yangi O‘zbekiston bunyodkorlariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan tarixiy vazifalardan keyil chiqib, men Guliston davlat universiteti rektori sifatida quyidagilarni shaxsiy mas’uliyat bilan e’lon qilaman:
Birinchidan, bitiruvchilar bandligi – oliy maqsadimiz.
Oliygohimizni tamomlayotgan har bir yigit-qizning hayotda o‘z o‘rnini topishi,
munosib daromadli ish bilan ta’minlanishi uchun shaxsan mas’ulman. Endilikda
biz faqat diplom bermaymiz, balki har bir bitiruvchini ish beruvchi bilan
“qo‘lidan tutib” uchrashtiramiz. Sirdaryodagi yirik klaster va korxonalar
universitetning doimiy hamkoriga aylanadi.
Ikkinchidan, startap va innovatsiyalarga yashil
yo‘lak. Prezidentimiz tomonidan taqdimoti o‘tkazilgan
“President Tech Award” loyihasi biz uchun katta dasturilamaldir.
Universitetimizda 1 million dollarlik mukofot jamg‘armasiga ega bunday
tanlovlarda g‘olib bo‘la oladigan loyihalarni tayyorlash uchun barcha sharoitlarni
yaratamiz. Talabalarimizning har bir innovatsion g‘oyasi universitet tomonidan
moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Uchinchidan, fan olimpiadalari va xalqaro e’tirof.
Yurtimiz yoshlarining jahon fan olimpiadalaridagi zafarlari bizni ruhlantiradi.
Guliston davlat universitetida xalqaro olimpiadalarga tayyorlaydigan maxsus
“Iqtidorlar akademiyasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz. Maqsadimiz –
talabalarimizni dunyoning eng nufuzli oliygohlari talablariga mos kadrlar qilib
tarbiyalashdir.
To‘rtinchidan, “Ikkinchi imkon” va ijtimoiy himoya.
Prezidentimiz ilgari surgan insonparvarlik g‘oyalari asosida, ijtimoiy himoyaga
muhtoj, "Yoshlar daftari"dagi har bir talaba bilan individual
ishlaymiz. Birorta talabamiz e’tiborsiz qolmaydi.
Muhtaram professor-o‘qituvchilar va pedagoglar!
Sizlarning zimmangizdagi mas’uliyat bugun har qachongidan ortdi. Prezidentimiz
ta’kidlaganidek, har bir ustoz o‘z yo‘nalishida yoshlarni til va kasb-hunar
o‘rganishi, g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarishi uchun asosiy yo‘l
ko‘rsatuvchi bo‘lishi shart. Biz pedagoglarimizning mahoratini endi faqat
berilgan dars bilan emas, balki shogirdlarining hayotda erishayotgan yutuqlari,
ularning bandligi va kreativ g‘oyalari qanchalik amaliyotga joriy etilgani
bilan baholaymiz. Sizlarni yoshlarimizning porloq kelajagi yo‘lida yanada
tashabbuskor bo‘lishga chaqiraman.
Qadrli talabalarim! Sizlarning
har bir tashabbusingiz, har bir orzungiz – men uchun muhim. Mening eshigim
Sizlar uchun har doim ochiq. Biz birgalikda Sirdaryo zaminidan yangi
O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlarini yetishtirib chiqaramiz.
Ishontirib aytamanki, davlatimiz rahbari tomonidan
yaratilgan bu keng imkoniyatlar besamar ketmaydi. Biz – rektorlar jamoasi bor
kuch va salohiyatimizni Sizning porloq kelajagingiz uchun safarbar etamiz.
Muhsin
XODJIYEV
Guliston
davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文
.jpg)


