Markaz ustavi

Guliston davlat universiteti huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining ustavi

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Ustav O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’pisida”gi Qonuni, Kadplap tayyoplash milliy dastupi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3289-son qaroriga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi 1026-son qaroriga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan “Ta’lim muassasalapi ustavini ishlab chiqish tartibi”ga muvofiq Guliston davlat universiteti huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining (keyingi o’rinlarda Hududiy markaz deb ataladi) faoliyatini belgilaydi.

2. Hududiy markaz o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o’rinlarda Vazirlik deb ataladi) buyruqlari va boshqa hujjatlari, shuningdek, mazkur ustav asosida olib boradi.

3. Hududiy markazning rasmiy nomi:

Davlat tilida to’liq nomi: Guliston davlat universiteti huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

Rus tilida to’liq nomi: Regionalno’y tsentr perepodgotovki i povo’sheniya kvalifikatsii rabotnikov narodnogo obrazovaniya pri Gulistanskom gosudarstvennom universitete

Ingliz tilida to’liq nomi: Regional Center of retraining and in-service training of Public education employees under the Gulistan state university.

4. Hududiy markazning qisqartirilgan nomi: GulDU huzuridagi XTXQTMOHM

5. Ta’lim turi: kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

6. Ta’lim faoliyati yo’nalishi: maktabgacha, umumiy o’rta va maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalari tizimining pedagog xodimlarini (keyingi urinlarda pedagog xodim deb yuritiladi) qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

7. O’qish shakli: kunduzgi, masofaviy va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.

8. Mulkchilik shakli: davlat mulki va byudjetdan tashqari mablag’lar.

9. Hududiy markaz biriktirilgan Guliston davlat universiteti (keyingi o’rinlarda “Universitet” deb ataladi) tuzilmasiga kiradi va o’z faoliyatini o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

10. Hududiy markaz davlat ta’lim muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi hamda O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o’z nomi yozilgan muhrga ega.

11. Hududiy markaz mustaqil balansga, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining g’aznachiligida byudjet va byudjetdan tashqari shaxsiy g’azna hisobvaraqalariga ega.

12. Hududiy markazning pochta manzili: 120100, Sirdaryo viloyati, Guliston shahri, Bahor QFY, Toshkent yo’li ko’chasi 112 uy. Elektron manzili: guldu_hm@edu.uz

II-bob. Hududiy markazning maqsad va vazifalari

13. Hududiy markazning maqsadi: pedagog xodimlarning bilimini, kasbiy va pedagogik mahoratini aniq yo’nalishlar (mutaxassisliklar) bo’yicha oshirish, malaka va ko’nikmalarini muntazam ravishda rivojlantirib borishlarini ta’minlash, yangi texnika va pedagogik texnologiyalarni pedagog xodimlar tomonidan o’zlashtirishlariga ko’maklashish va mazkur yo’nalishdagi o’quv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy hamda tashkiliy-metodik ishlarni olib borish.

14. Quyidagilar Hududiy markazning vazifalari hisoblanadi:

pedagog xodimlarning metodik ehtiyojlarini to’laqonli qondirish maqsadida qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilg’or shakl va usullarini joriy etish;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo’yicha ta’lim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-tadqiqot hamda o’quv-metodik ishlarni olib borish ko’nikmalarini rivojlantirish;

masofadan o’qitish usullari asosida tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tegishli o’quv-metodik resurslarini ishlab chiqish, kurslardagi o’quv mashg’ulotlarini onlayn va offlayn shakllarida tashkil etishni yanada takomillashtirish;

tegishli yo’nalishlar bo’yicha fanlarning umumkasbiy va maxsus bloklari bo’yicha qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etish hamda ular bo’yicha zamonaviy metodik, axborot-ma’lumotnoma bazasini yaratish;

buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlikda, qayta tayyorlash va malaka oshirish bo’yicha ta’lim dasturlarini uzluksiz takomillashtirib borish;

o’quv-tarbiya jarayonining amaliyot bilan o’zaro samarali hamkorligini ta’minlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonini ko’chma mashg’ulotlar orqali zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan ta’lim muassasalarida tashkil etish;

innovatsion ilmiy yutuqlarni, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo’llashni, masofadan o’qitishni, mustaqil ta’lim olishni kengaytirishni nazarda tutuvchi texnika va texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy etish.

15. Hududiy markaz o’z zimmasidagi vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funktsiyalarni bajaradi:

ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini hisobga olib, ijodiy tafakkurni rivojlantirishga yo’naltirilgan holda qayta tayyorlash va malaka oshirish bo’yicha o’quv reja, dastur, o’quv-metodik hujjatlarni tayyorlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimining samarali shakllarini joriy etish, ilmiy va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqish;

ta’limning ilg’or shakl va usullari, zamonaviy ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini malaka oshirish jarayoniga joriy etish asosida pedagog xodimlarning kasbiy bilim, ko’nikma va malakalarini oshirish;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi xorijiy tajribalarni, shuningdek, eng yaxshi ta’lim muassasalarining yutuqlarini umumlashtirish asosida ilmiy asoslangan innovatsiyalarni joriy etish;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

pedagogika, psixologiya, o’quv fanlari va ularni o’qitish metodikasining yutuqlarini muntazam ravishda o’rganib borish hamda targ’ib qilish;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo’yicha rejalarni shakllantirish, ularni o’qitish uchun ilmiy-tadqiqot institutlari, maktabgacha, umumiy o’rta, oliy va boshqa tegishli ta’lim muassasalari bilan shartnomalar tuzish.

16. Hududiy markaz quyidagi huquqlarga ega:

umumiy o’rta, maktabdan tashqari va maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini doimiy o’rganish, tahlil qilish va uning asosida qayta tayerlash, malaka oshirish va masofaviy kurslarni o’quv-uslubiy xujjatlarini takomillashtirish bo’yicha takliflar tayyorlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirish muammolari, izlanishlar va echimlariga bag’ishlangan davlat va xalqaro ilmiy-nazariy, amaliy konferentsiyalar, seminarlar va forumlarni o’tkazish;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o’quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb etish, etakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlik o’rnatish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi bo’yicha dastur, darslik, o’quv qo’llanma, ilmiy-tadqiqot ishlari to’plamlari, ilmiy-amaliy konferentsiya materiallari, metodik ko’rsatma va qo’llanmalar tayyorlash hamda chop ettirish;

pedagog xodimlarga shartnoma asosida qo’shimcha o’quv kurslarini va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa ta’lim xizmatlarini ko’rsatish;

hududiy markazning ta’lim mazmuni va samaradorligini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo’yicha Universitetga, Vazirlikka, mahalliy hokimiyat organlariga takliflar bilan chiqish;

hududiy markazning ma’naviy eskirgan, foydalanish muddatlari o’tib, yaroqsiz bo’lib qolgan o’quv adabiyotlari, jihozlari, transport va texnika vositalari, asbob-uskunalarini qonun hujjatlariga muvofiq hisobdan chiqarish;

byudjet mablag’lari va boshqa qonuniy manbalardan ishlab topilgan pul mablag’larini qonun hujjatlariga muvofiq maqsadli sarflash.

Hududiy markaz qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

17. Quyidagilar Hududiy markazning asosiy majburiyatlari hisoblanadi:

Universitet tomonidan tasdiqlangan namunaviy ish rejalar, o’quv reja va dasturlarning bajarilishini ta’minlagan holda, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;

tinglovchilarni shakllantirilgan buyurtmaga muvofiq va tegishli hujjatlarga asoslangan holda qabul qilish;

ta’lim-tarbiya jarayonini amaldagi normativ-huquqiy xujjatlarga asosan sanitariya-gigiena me’yorlariga va xavfsizlik qoidalariga mos holda tashkil etish;

hududiy markaz mol-mulkining saqlanishi va ulardan oqilona foydalanilishini ta’minlash;

faoliyat yo’nalishlari bo’yicha, xisobotlarni davriyligini inobatga olgan xolda, tegishli tashkilotlarga takdim etish.

Hududiy markaz zimmasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

III-bob. Hududiy markaz tinglovchilari

18. Malaka oshirish kurslariga yuborilgan pedagog xodimlar o’z mutaxassisliklariga mos ravishda Hududiy markaz direktorining buyrug’i bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi.

19. Hududiy markaz tinglovchilarining huquqlari quyidagilardan iborat:

malaka oshirishning har xil shakl va turlaridan foydalanish;

o’quv jarayonini yaxshilash, samaradorligini oshirish hamda Hududiy markaz faoliyatini takomillashtirish haqida ma’muriyatga takliflar kiritish;

ilg’or pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ish shakllari yuzasidan qo’shimcha ma’lumotlar, maslahatlar olish;

o’zlarining kasbiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy bilim saviyalarini chuqurlashtirish hamda takomillashtirish maqsadida mustaqil ravishda shug’ullanish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ish shakllari yuzasidan qo’shimcha ma’lumotlar, maslahatlar olish;

Hududiy markazda mavjud bo’lgan barcha o’quv-laboratoriya, axborot resurslari, yotoqxona, sog’lomlashtirish va maishiy xizmat ko’rsatish shaxobchalaridan pullik va bepul asosda foydalanish.

20. Hududiy markaz tinglovchilarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, Hududiy markaz ustavi va ichki tartib-qoidalari talablariga qat’iy rioya qilish;

Hududiy markaz ma’muriyati va xodimlarining qonuniy talablarini so’zsiz bajarish;

o’quv rejasi hamda dasturlarida nazarda tutilgan barcha turdagi o’quv va amaliy ishlarni bajarish;

o’quv mashg’ulotlariga kechikmaslik va o’z vaqtida qatnashish, uzrli sabablarsiz dars qoldirmaslik;

sanitariya-gigiena talablari, mehnatni muhofaza qilish, texnika va yong’in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish;

Hududiy markazning mol-mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish;

O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to’g’risidagi nizom talablariga amal qilish.

21. Tinglovchi quyidagi sabablarga ko’ra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:

o’quv intizomini va hududiy markazning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;

ta’lim dasturlarini o’zlashtirmagani uchun;

malaka oshirish kursidagi dars mashg’ulotlarini uzrli sabablarsiz, tinglovchilar safiga kirgandan so’ng, 18 akademik soatdan ortiq qoldirgani uchun;

salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);

tinglovchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

vafot etganligi sababli.

IV-bob. Hududiy markazning o’quv jarayonini tashkil etish

22. Universitet tomonidan tasdiqlangan namunaviy o’quv rejalari va dasturlari asosida ishchi o’quv rejalari va dasturlari tayyorlanadi, Ilmiy-metodik kengashda tasdiqlaniladi hamda o’quv jarayoniga joriy etiladi.

23. Hududiy markazda pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to’g’ridan-to’g’ri (ta’lim dasturlari bo’yicha o’qitish) va bilvosita (ta’lim dasturlarisiz o’qitish) shakllar bo’yicha tashkil etiladi.

24. Mashg’ulotlarning quyidagi turlari joriy qilinadi: ma’ruza, amaliy mashg’ulot, interaktiv seminarlar, ishchanlik o’yini, imitatsiya darsi, trening, ko’chma mashg’ulot, tajriba almashish, mustaqil o’qish, laboratoriya ishi, pedagogik (malaka) amaliyot, loyiha ishini himoya qilish. Ayrim o’quv mashg’ulotlar ilg’or ta’lim muassasalari negizida tashkil etishi mumkin. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofaviy o’qitish tizimi qo’llaniladi.

25. Hududiy markaz qayta tayyorlash va malaka oshirish bo’yicha elektron bazasini shakllantirish uchun zarur resurslarni tayyorlaydi, tegishli ta’lim resurslarini yangi axborotlar bilan doimiy yangilab boradi.

V-bob. Hududiy markazda ilmiy-metodik jarayonni tashkil etish

26. Hududiy markaz pedagog kadrlari:

qayta tayyorlash va malaka oshirish yaxshilashga qaratilgan ilmiy-uslubiy faoliyatni, o’quv jarayoniga zamonaviy uslub va axborot- kommunikatsiya texnologiyalarni tadbiq qilish ishlarini;

jahon andozalariga mos ta’lim-tarbiya yo’nalishi bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradilar.

27. Hududiy markaz:

rivojlangan mamlakatlarning universitetlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ilm-fan va ta’lim-tarbiya o’zaro teng manfaatli hamkorlikni;

ta’lim-tarbiya sohasida respublika va xalqaro qo’lamda ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshiradi.

Respublikaning etakchi olimlari, xususan, akademik va fan arboblari ishtirokida hududiy markaz tinglovchilari, yosh olim va professor-o’qituvchilari bilan davra suxbatlari;

zamonaviy texnologiyalarga asoslangan pedagogika fanining yangi qirralarini tadbiq etish uchun, yangi o’quv va ilmiy tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etadi.

VI-bob. Hududiy markazning tarkibiy tuzilishi

28. Hududiy markaz tarkibiy tuzilishiga: Hududiy markaz direktori, o’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari 6 kafedra, Axborot-resurs markazi, yuriskonsult, buxgalteriya, kadrlar bo’limi, umumiy bo’lim, xo’jalik ishlari bo’limi, o’quv jarayonini tashkil etish bo’limi, masofadan o’qitishni hududiy muvofiqlashtirish bo’limi, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonini monitoring qilish va sifatini baholash bo’limi, ilg’or tajriba va halqaro hamkorlik ilmiy-axborot tadqiqotlar bo’limi kiradi.

29. Kafedralarning tuzilishi va uning shtatlari Hududiy markaz Ilmiy-metodik kengashining tavsiyasiga asosan Vazirlik bilan kelishilgan holda Hududiy markaz direktori buyrug’i bilan tashkil etiladi va tugatiladi.

30. Kafedra zimmasiga qo’yidagi vazifalar yuklatiladi:

malaka talablariga muvofiq tuzilgan o’quv rejalariga fanlar bo’yicha belgilangan mashg’ulot turlarini yuksak nazariy, ilmiy-metodik va kasbiy darajada o’tkazish, ta’lim sifatini ta’minlash;

ilmiy-metodik ishlarni amalga oshirish, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining ishchi dasturlarini, o’quv-metodik majmualarini, tinglovchilarning bitiruv malakaviy (kursni tugatish) ishlari mavzularini ishlab chiqish, belgilangan tartibda tasdiqlashga taqdim etish;

darslik, o’quv qo’llanmalar, metodik ko’rsatma va dars ishlanmalarini tayyorlash, o’quv-metodik materiallarni kafedra yig’ilishlarida muhokama qilish va xulosalar tuzish;

ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, malaka oshirish tizimining dolzarb muammolari bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlar olib borish;

hudud ta’lim muassasalaridagi ilg’or tajribalarni ommalashtirish, ularga ilmiy-metodik yordam ko’rsatish, fan olimpiadalari, pedagogik o’qishlar, konkurslar, ko’rik-tanlovlar, davra suhbatlari o’tkazishda hamkorlik qilish;

hududiy markaz pedagog kadrlarning belgilangan muddatda malakasini oshirish bo’yicha takliflar berish;

respublika va xalqaro miqyosda o’tkaziladigan ilmiy-amaliy konferentsiya va seminarlarni tashkil etish hamda ilmiy-amaliy konferentsiya va seminarlarda pedagog kadrlarning ishtirok etishini ta’minlash;

xalqaro hamkorlik ishlarini tashkil qilish hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimiga oid ilg’or tajribalarni o’rganish;

xalqaro va respublika miqyosida o’tkaziladigan turli grant tanlovlarida ishtirok etish;

ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan pedagog kadrlarning ijodiy ta’tilga chiqishi bo’yicha Hududiy markazning Ilmiy-metodik kengashiga takliflar kiritish;

ilg’or pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va ularni aprobatsiyadan o’tkazish bo’yicha tajriba-sinov ishlarida ishtirok etish;

pedagogik faoliyat bilan shug’ullanishni boshlagan yosh o’qituvchilarga pedagogik malaka va ko’nikmalarni egallashda yordam berish;

axborot bazasini yaratish, o’quv mashg’ulotlarida zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishni yo’lga qo’yish;

o’qitishni zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan maxsus o’quv auditoriyalarida tashkil qilish, masofaviy ta’limni rivojlantirish.

Hududiy markaz kafedralarining zimmasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.

31. Hududiy markaz barcha xodimlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-son qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Nizom talablariga qat’iy amal qilishlari shart.

32. Hududiy markaz xodimlari va pedagog kadrlarining chet el xizmat safarlari Vazirlikning buyrug’i bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalaridan xorijiy safarlarga borish tartibi to’g’risida”gi muvaqqat Yo’riqnoma asosida amalga oshiriladi.

33. O’quv-yordamchi va boshqa xizmat xodimlarining huquq va majburiyatlari amaldagi qonun xujatlari, hududiy markaz Ichki mehnat tartib-qoidalari va lavozim yo’riqnomalari bilan belgilanadi.

VII-bob. Hududiy markazning pedagog kadrlari

34. Hududiy markazda dars berish uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining etuk professor-o’qituvchilari, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va boshqa tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari, davlat va jamoat arboblari, O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan xalqaro tashkilotlar, jamg’armalarning yuqori malakali mutaxassislari, respublikada tanilgan amaliyotchi o’qituvchi va metodistlar, darslik mualliflari, xorijiy mutaxassislar va boshqalar amaldagi mehnat qonunchiligi asosida ishga jalb qilinishi mumkin.

35. Hududiy markaz pedagog kadrlarini ishga qabul qilish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi”ga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

36. Hududiy markaz pedagog kadrlar tarkibini shakllantirishda ularga quyidagi talablar qo’yiladi:

qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo’yiladigan Malaka talablari asosida tinglovchilar bilan o’quv-tarbiya ishlarini yuqori saviyada olib borish, tinglovchilar bilimlarini xolisona baholash ko’nikmalarining mavjudligi;

yuksak shaxsiy sifatlarning (talabchanlik, xolislik, batartiblik, haqqoniylik, hushmuomalalik) mavjudligi;

ta’lim berishda (o’qitishda) yuksak kasbiy mahoratga egaligi;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilmiy-pedagogik asoslarini, pedagogika fanining asosiy yo’nalishlarini, fanlararo aloqalarni, ritorika va notiqlik mahorati asoslarini, uzluksiz ta’lim atamalari va tushunchalarini, shuningdek qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo’yiladigan Malaka talablarini bilish;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoni mazmunini takomillashtirish bo’yicha ilmiy-tadqiqot hamda o’quv-metodik ishlarni olib borish ko’nikmasining mavjudligi.

37. Hududiy markaz pedagog kadrlarining huquqlari qo’yidagilardan iborat:

Hududiy markaz faoliyatiga tegishli masalalarni muhokama qilish va hal etishda qatnashish;

o’quv-tarbiya jarayonining yuqori sifatini ta’minlash maqsadida, o’zlarining shaxsiy xususiyatlariga javob beradigan ta’lim usullari va vositalarini tanlash;

qonunda belgilangan tartibda Hududiy markaz ma’muriyati buyruqlari va talablariga o’z munosabatini bildirish;

qonun hujjatlariga asosan ish beruvchidan ish haqi olishni va o’z kasbiy faoliyatining tashkiliy hamda moddiy-texnikaviy ta’minlanishini talab qilish.

mehnat ta’tilidan o’z vaqtida foydalanish;

ish beruvchidan mehnat intizomini ta’minlash va ish haqini o’z vaqtida to’lanishini, xavfsiz va samarali mehnat uchun shart-sharoitlarni yaratilishini talab qilish;

ish joyini mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga muvofiq jihozlashni talab qilish.

38. Hududiy markaz pedagog kadrlarining majburiyatlari qo’yidagilardan iborat:

barcha o’quv shakllari bo’yicha malaka oshirishga qo’yiladigan Malaka talablariga muvofiq tuzilgan o’quv rejalarda belgilangan ma’ruzalar, laboratoriya, amaliy va boshqa turdagi mashg’ulotlarni yuksak nazariy, ilmiy uslubiy va kasbiy darajada o’tkazish;

tinglovchilarning malakaviy amaliyotiga, bitiruv malakaviy ishlariga, shuningdek, mustaqil ishlariga rahbarlik qilish hamda tinglovchilarning auditoriyadan tashqari ishlarini tashkil etish bo’yicha tadbirlar o’tkazish;

yuksak ma’naviy-ma’rifiy sifatlarga va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega, jamiyatning ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojini ta’minlashga qodir yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

iqtidorli tinglovchilar bilan ishlash, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlov va musobaqalarda ishtirok etishga tayyorlash;

ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash;

tajribali o’qituvchilarning ish tajribalarini o’rganish, umumlashtirish va ommalashtirish, yangi pedagogik texnologiyani joriy etish;

masofaviy ta’lim tizimini rivojlantirish, xorijiy o’quv yurtlarining ish tajribasini o’rganib borish, chet tili va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo’yicha malakasini oshirib borish;

Hududiy markazning mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalari, lavozim yo’riqnomalari, jamoa shartnomasi va boshqa normativ hujjatlariga amal qilish;

mehnat intizomiga rioya qilish, ish beruvchining qonun hujjatlariga muvofiq farmoyishlari va ko’rsatmalarini o’z vaqtida hamda sifatli bajarish, Hududiy markazning jamoatchilik ishlarida qatnashish;

Hududiy markaz pedagog kadrlari zimmasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, Ichki mehnat tartib-qoidalari va lavozim yo’riqnomalariga asosan boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

39. Hududiy markazda o’quv-tarbiya jarayonini yuqori ilmiy-uslubiy darajada ta’minlash, malakaviy talablar, o’quv rejalari va dasturlari asosida kasbiy va pedagogik mahoratni doimiy ravishda rivojlantirishga ko’maklashish uchun zarur bo’lgan kasbiy bilimlar, ko’nikmalar va mahoratlarni muntazam ravishda yangilab borish maqsadida pedagog kadrlar tarkibi lavozimlaridagi shaxslar belgilangan tartibda va muddatlarda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o’qishlari va attestatsiyadan o’tishlari lozim.

VIII-bob. Hududiy markazni boshqarish

40. Hududiy markaz o’z faoliyati bo’yicha Universitetga bo’ysunadi va unga hisobot beradi.

41. Hududiy markaz direktori Universitet rektorining buyrug’i bilan, Vazirlik bilan kelishilgan xolda, lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Oliy ma’lumotli, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega, xorijiy tillardan birini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni biladigan, kamida uch yillik rahbarlik ish stajiga ega bo’lgan shaxs hududiy markaz direktori etib tayinlanishi mumkin.

42. Hududiy markaz direktorining huquqlari qo’yidagilardan iborat:

hududiy markazning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, qarori va farmoyishi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Vazirlikning hay’at qarorlari va buyruqlari, mazkur Ustavga asosan Hududiy markazning o’quv-metodik, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samarali tashkil etish;

hududiy markaz nomidan xo’jalik shartnomalarini tuzish, hududiy markaz nomidan ishonchnomasiz ish yuritish, barcha tashkilotlarda hududiy markaz manfaatlarini ifoda etish, shuningdek, o’z faoliyati to’g’risida hisobotlar taqdim etish;

o’z vakolatlari doirasida hududiy markazning moliyaviy mablag’larini tasarruf etish hamda hududiy markaz faoliyati natijalari uchun shaxsan javob berish;

hududiy markazga ajratilgan byudjet mablag’larining belgilangan xarajatlar yo’nalishlari bo’yicha ishlatilishini ta’minlash;

g’aznachilik bo’linmalarida hisob raqamlari va boshqa bank hisob raqamlari ochish;

o’z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqarish va ishonchnomalar berish;

xodimlar bilan mehnat shartnomalar tuzish va bekor qilish;

samarali mehnat qilgan xodimlarni rag’batlantirish, o’z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan, o’ziga topshirilgan vazifalarni o’z vaqtida bajarmagan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish;

hududiy markaz Ilmiy-metodik kengashi tavsiyalari asosida o’quv rejalari, dasturlar va ilmiy-metodik ishlar rejalarini tasdiqlash va ma’ruzalar, laboratoriya mashg’ulotlari, ilmiy-amaliy ishlarning bajarilishi ustidan nazorat qilish;

Hududiy markazning o’quv-metodik va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda tinglovchilarga maishiy xizmat ko’rsatish bo’yicha ishlarni tashkil etish;

Hududiy markaz ichki tartib qoidalarini o’rnatilgan tartibda tasdiqlash hamda ushbu qoidalar xodimlar va tinglovchlar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;

jamoada sog’lom ma’naviy va ijodiy muhitni shakllantirish chora-tadbirlarini ko’rish;

Hududiy markaz faoliyatiga qo’yilgan sanitariya-gigiena talablariga, mehnatni muhofaza qilish, texnika va yong’in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo’yilgan malaka talablari, o’quv rejalari va dasturlar, boshqa o’quv-metodik hujjatlarning o’quv jarayoniga joriy etilishini ta’minlash;

Hududiy markazda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlarni muvofiqlashtirish.

Hududiy markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarga ham ega bo’lishi mumkin.

43. Quyidagilar Hududiy markaz direktorining asosiy majburiyatlari hisoblanadi:

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;

davlatimizning xalq ta’limi tizimiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni bilish;

davlat ta’lim standartlari, o’quv reja, o’quv dastur va boshqa o’quv-metodik hujjatlarning o’quv jarayoniga tatbiq etilishini ta’minlash;

mehnat qonunchiligi hamda jamoada sog’lom ma’naviy-ijodiy muhitni shakllantirish bo’yicha faoliyat yuritish;

darslarni tahlil qilish va jamoaga amaliy yordam berish;

ta’lim metodlari, vositalari, me’yoriy hujjatlari bilan ishlashni bilish;

Hududiy markazning ustavi asosida o’quv-tarbiya, ilmiy-tadqiqot jarayonini, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish;

Hududiy markaz ichki tartib-qoidalariga xodimlar va tinglovchilar tomonidan rioya etilishini tegishli mas’ul xodimlar bilan hamkorlikda nazorat qilish;

tinglovchilarga maishiy xizmat ko’rsatish, Universitet o’quv-metodik va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish ishlarini tashkil qilish va uning bajarilishi ustidan nazorat olib borish;

Hududiy markaz direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyat va vazifalarga ham ega bo’lishi mumkin.

44. Hududiy markazdagi o’quv va ilmiy-metodik ishlar ustidan rahbarlikni o’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari amalga oshiradi.

Direktor o’rinbosari Hududiy markaz tomonidan oliy ta’lim muassasasi bilan kelishilgan xolda tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Direktor o’rinbosari o’z yo’nalishi bo’yicha kamida magistr darajasidagi oliy ma’lumotli, xorijiy tillardan birini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni biladigan hamda ta’lim muassasining o’quv jarayoni yo’nalishi bo’yicha uch yildan kam bo’lmagan raxbarlik ish stajiga ega bo’lishi lozim.

45. O’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosarining huquqlari quyidagilardan iborat:

Axborot-resurs markazi va tegishli bo’limlarga umumiy rahbarlik qilish, ularning istiqbol rejalarini belgilash hamda bajarilishini nazorat qilish;

Axborot-resurs markazi va bo’limlar o’rtasida vazifalarni taqsimlash, mehnat intizomiga rioya etilishini nazorat qilish;

Hududiy markaz buyruqlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan xodimlarning funktsiyasidan kelib chiqib tegishli topshiriqlar berish;

Hududiy markazning mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalari, lavozim yo’riqnomalari, jamoa shartnomasi va boshqa normativ hujjatlari bilan tanishish.

46. O’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

Hududiy markazning o’quv, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-metodik ishlari ustidan rahbarlikni amalga oshirish;

Universitet bilan kelishilgan holda Hududiy markazning qayta tayyorlash va malaka oshirish bo’yicha yillik rejasini tuzish va uning bajarilishini ta’minlash;

o’quv-mavzu rejalarni, dasturlarni tayyorlash, tuzish, ularga tegishli o’zgartirish va yangiliklarni kiritib borish;

darslarni tahlil qilish va uning natijalarini muhokama qilish hamda o’qituvchilarga metodik yordam berish;

kafedra va laboratoriyalarga biriktirilgan o’quv xonalarini zamonaviy talablarga binoan jihozlashga metodik yordam berish va nazorat qilish;

o’quv jarayonida ilg’or tajribalarni qo’llash bo’yicha xorijiy hamda nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

ta’lim jarayonida ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini, innovatsion va interfaol usullarni qo’llashni tashkil etish;

o’quv mashg’ulotlari jadvallarini tasdiqlash, ularning bajarilishini va o’quv reja, o’quv dasturlarining to’liq bajarilishini nazorat qilish;

ilg’or ijodkor pedagog kadrlari bilan metodik ishlar olib borish, ularning ish tajribalarini o’rganish, umumlashtirish va ommalashtirish ishlariga rahbarlik qilish;

Hududiy markaz pedagog kadrlarining o’quv yuklamalari bajarilishini nazorat va tahlil qilish;

Hududiy markazning o’quv jarayoni bo’yicha hisobotlari va axborotlari monitoringini olib borish, o’z faoliyati bo’yicha yuqori tashkilotlardan olingan hujjatlarning bajarilishini ta’minlash;

Hududiy markaz pedagog kadrlari uchun doimiy harakatdagi o’quv seminarlarni tashkil qilish;

Hududiy markazning qayta tayyorlash va malaka oshirish bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlarining strategiyasini belgilash va yo’naltirish;

ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy ishlarning mavzu rejasini tuzish, qayta tayyorlash va malaka oshirish muammolari, izlanishlar va echimlariga bag’ishlangan ilmiy-nazariy, amaliy konferentsiyalarni o’tkazishga, ilmiy-uslubiy to’plamlarni nashr etishga rahbarlik qilish;

Hududiy markazning ma’naviy-ma’rifiy hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirib borish, kafedralar va bo’limlar bilan birgalikda ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, madaniy tadbirlar va anjumanlarni o’tkazish;

Hududiy markazning O’zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi, Oliy Attestatsiya Komissiyasi, mamlakatimiz va chet el ilmiy muassasalari bilan aloqalari va hamkorligini ta’minlash;

Hududiy markaz Ilmiy kengashi materiallarini tayyorlashga rahbarlik qilish, Hududiy markazning ma’naviy-ma’rifiy hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo’yicha hisobotlarini tayyorlash;

Hududiy markazda ilg’or pedagogik texnologiyalarni va tajribalarni joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish;

Hududiy markazda axborot-resurs markazi faoliyatini muvofiqlashtirish, axborot-kutubxona fondini boyitish ishiga rahbarlik qilish;

Hududiy markaz faoliyatiga qo’yilgan sanitariya-gigiena talablari, mehnatni muhofaza qilish, texnika va yong’in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash;

Hududiy markaz direktori ta’tilda, xizmat safarida yoki boshqa sabablar bilan ishda bo’lmagan davrda vaqtincha uning vazifasini bajarish.

47. Hududiy markaz faoliyatiga tegishli asosiy masalalarni ko’rib chiqish uchun direktor raisligida Ilmiy-metodik kengash tashkil etiladi.

48. Ilmiy-metodik kengash tarkibi Hududiy markaz drektorining buyrug’i bilan tasdiqlanadi.

Ilmiy-metodik kengash tarkibiga O’quv va ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, kafedra mudirlari va bo’lim boshliqlari hamda etakchi professor-o’qituvchilar, jamoat tashkilotlari vakillari kiritilishi mumkin.

49. Ilmiy-metodik kengashning vazifalari qo’yidagilardan iborat:

Hududiy markaz, uning kafedralari hamda bo’limlarining reja va hisobotlarini ko’rib chiqish, kurslarning ishchi o’quv reja va dasturlarini, Hududiy markaz faoliyatini takomillashtirish bo’yicha tavsiyalarni muhokama qilish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish samaradorligini ilmiy-uslubiy va tashkiliy jihatdan ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini tahlil qilish va ularni muvofiqlashtirish masalalarini hal etish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni bugungi kun talablari darajasiga ko’tarishning asosiy yo’nalishlarini belgilab berish;

O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq malaka talablari, o’quv reja va dasturlarning qat’iy bajarilishini ko’rib chiqish;

kafedra va bo’limlarni ochish, o’zgartirish va tugatishga bog’liq masalalar bo’yicha Universitetga tavsiyalar ishlab chiqish;

darslik, o’quv qo’llanma, ilmiy, o’quv-metodik adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilishga tavsiya etish masalalarini hal qilish;

Hududiy markazni rivojlantirishning joriy (yillik) va istiqbol rejalarini tasdiqlash.

Ilmiy-metodik kengash qarorlari direktor tomonidan tasdiqlanganidan so’ng kuchga kiradi.

Ilmiy-metodik kengash raisi muntazam ravishda Ilmiy-metodik kengash qarorlarining bajarilishi bo’yicha nazorat olib boradi va kengash a’zolariga qabul qilingan qarorlarning bajarilishi to’g’risida hisobot beradi.

50. Ilmiy-metodik kengash a’zolari kengashda muhokama qilingan masalalar bo’yicha qabul qilinadigan qarorlarning to’g’ri va aniq ijro etilishi uchun javobgardir.

Ilmiy-metodik kengashning ish tartibi Hududiy markaz yillik ish rejasiga muvofiq belgilanadi.

IX -bob. Jamoat tashkilotlari

51. Hududiy markaz kasaba uyushmasi qo’mitasi jamoat tashkiloti hisoblanib, uning faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi.

52. Kasaba uyushmasi qo’mitasi o’quv, ilmiy-metodik, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yaxshilash, jamoada ijtimoiy-psixologik muhitni sog’lomlashtirish, xodimlar huquqlarini himoya qilish, ularning ish sharoitlarini yaxshilash, mas’uliyatlarini shakllantirish va mehnat intizomini mustahkamlash, ish beruvchidan xavfsiz va samarali mehnat uchun shart-sharoitlarni yaratilishini talab qilish, ish joyini mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga muvofiq jihozlashni talab qilish, ish haqini o’z vaqtida to’lanishini talab qilish kabi masalalarni hal etadi.

53. O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga asosan Hududiy markaz davlat va nodavlat jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish huquqiga ega.

54. O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ta’lim muassasasida ilmiy va ixtiyoriy jamiyatlar, ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil etilishi mumkin.

X-bob. Hududiy markazda xalqaro hamkorlikni tashkil qilish

55. Hududiy markazning xalqaro hamkorligi amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

Hududiy markaz tegishli soha bo’yicha xorijiy mamlakatlarda qayta tayyorlash va malaka oshirish sohasidagi ilg’or tajribalarni o’rganish va ularning ijobiy tomonlarini ommalashtirish maqsadida o’zining xodimlari va pedagog xodimlarni chet elda tajriba almashishini tashkil etadi.

56. Hududiy markaz xorijiy davlatlar jamg’armalari, chet el nufuzli ta’lim muasssalari hamda ta’lim sohasidagi ilg’or xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish qo’shimcha kurslarini tashkil etish bo’yicha Vazirlikga taklif kiritish mumkin.

57. Hududiy markaz respublika va xalqaro miqyosda o’tkaziladigan ilmiy-amaliy konferentsiya va seminarlarni tashkil etadi hamda ilmiy-amaliy konferentsiya va seminarlarda pedagog kadrlarning ishtirok etishini ta’minlaydi.

XI -bob. Hududiy markazning Universitet bilan hamkorligi

58. Hududiy markazning o’quv jarayoni tashkil etilishida Universitet etakchi pedagog kadrlari, shuningdek, ta’lim-tarbiya yo’nalishida ilmiy izlanishlarini olib borayotgan pedagog-tadqiqotchilar jalb etiladi.

59. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini ko’chma mashg’ulotlari Universitet kafedra va o’quv laboratoriyalar negizida, hamda hududdagi ilg’or ta’lim muassasalarida tashkil etiladi.

60. Universitet hududiy markaz bilan hamkorlikda, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo’yicha o’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlar ko’lamini yanada kengaytirish, davlat va xalqaro grantlar salmog’ini oshirish, hududiy markazning moddiy-texnika bazasini yanada takomillashtirish, masofaviy ta’limni rivojlantirish, shuningdek, maktabgacha, umumiy o’rta va maktabdan tashqari ta’lim tizimidagi ta’lim muassasalari bilan o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va qo’shimcha ta’lim xizmatlari ko’rsatish ishlarini tashkil etish yuzasidan doimiy ish olib boradi.

XII-bob. Hududiy markazning mol-mulki va moliya-xo’jalik faoliyati

61. Hududiy markaz moddiy-texnik bazasiga unga tegishli bo’lgan er maydonlari, binolar, sport zallari, kommunikatsiya, mashina va uskunalar, transport vositalari hamda ta’lim-tarbiya jarayonida foydalaniladigan boshqa anjomlar kiradi.

62. Hududiy markaz faoliyati davlat byudjeti, pullik ta’lim va boshqa xizmat turlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag’lar hisobidan moliyalashtiriladi.

63. Hududiy markazlar faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

Hududiy markazni joriy ta’minlashga hamda tasdiqlangan buyurtmaga muvofiq ajratiladigan O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag’lari;

shartnoma asosida xizmatlar ko’rsatishdan tushgan mablag’lar;

pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun jalb etiladigan grantlar va xorijiy kreditlar mablag’lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilgan ta’lim xizmatlarini ko’rsatish, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

64. Hududiy markaz tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy va statistik hisobot yuritiladi.

65. Hududiy markaz xodimlarini moddiy va ma’naviy rag’batlantirish hamda ish haqiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Hududiy markaz shtatidagi xodimlar soni uning namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi

66. Hududiy markaz Universitet, shuningdek, zarur hollarda tegishli umumiy o’rta, maktabdan tashqari va maktabgacha ta’lim muassasalarning moddiy-texnik bazasidan foydalanishi mumkin.

67. Hududiy markaz o’ziga biriktirilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi bo’yicha ajratilgan mablag’larni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi. Hududiy markaz o’z majburiyatlari bo’yicha tasarrufidagi pul mablag’lari va boshqa moddiy boyliklarning sarflanishiga qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.

XIII-bob. Yakunlovchi qoidalar

68. Hududiy markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

69. Ushbu Ustav talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.

70. Mazkur Ustavda aks ettirilmagan masalalar yuzasidan vujudga kelgan muammoli vaziyatlar qonun hujjatlariga muvofiq, Vazirlik tomonidan belgilangan tartibda hal etiladi.

71. Ustavga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish vazirlik bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.

 

 

810 | 2018-02-10 16:36
Sayt bo'ylab izlash
Virtual qabulxona
Ishonch telefonlari
0 (367) 225-41-76
Universitet rektoriga murojaat
'Huquqiy axborot' kanali
DTM Sirdaryo viloyati bo'limi kanali
Edu.uz (rasmiy kanal)

Guliston davlat universiteti (GulDU)
Telefon: (0367) 225-02-75
Faks: (0367) 225-40-42

Manzil: Guliston sh. 4 mavze
Jamoat transporti: 2-4 yo'nalishdagi avtobus, universitet bekati
Email: glsu_info@edu.uz
Saytimizdan ma`lumot ko`chirilganda guldu.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart.

Saytda xatolikni ko`rsangiz, xatoni belgilang va "CTRL+ENTER" tugmalarini bosib ma`muriyatga xabar bering!


Powered by Anvar Abduqayumov 2018
  • Kirish

    Login
    Parol
    Ro'yxatdan o'tish