RASMIY MUNOSABAT
Bugun-12.06.2021-yil sanasida ijtimoiy tarmoqlarda “Sirdaryoda fuqarolarni Guliston davlat universitetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlarning kirdikorlari fosh bo‘ldi” hamda “Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 3 kishidan 6,4 ming dollar pul olgan shaxslar qo‘lga olindi” mavzusida xabarlar tarqadi. Mazkur xabarlarda aytilishicha: Sirdaryo viloyatiing Xovos tumanida yashovchi fuqaro O.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, 3 nafar fuqaroni o‘zlarini Guliston davlat universitetida ishlovchi “Sh.”ismli tanishi orqali universitetning sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga ularning 6 400 AQSh dollarini qo‘lga kiritganligi, bundan tashqari fuqaro Z.A.ga 3,5 mln so‘m va U.M.ga 9,1 mln so‘m pulni “kontrakt to‘lovlari” uchun to‘latib, ularga talabalar safiga qabul qilinganligi to‘g‘risida soxta buyruqlarni taqdim etganliklari aniqlangan. Departament axborot xizmatining xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”.
Mazkur holat yuzasidan universitet rahbariyati quyidagilarni ma’lum qiladi: Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 3 kishidan 6,4 ming dollar pul olgan shaxslar qo‘lga olinganligi to‘g‘risidagi holat bo‘yicha Universitet rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xovos tuman bo‘limi bilan faol hamkorlik qildi va ushbu holatlar 2018-2019 o‘quv yilida sodir bo‘lgan. Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan 3 nafar fuqarolar universitetda faoliyat yuritishmagan.
Bundan tashqari, Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan fuqarolar tomonidan jabrlanuvchilarga taqdim etilgan buyruq, ma’lumotnomalar hamda to‘lov-kontrakt shartnoma blankalari soxta ekanligi aniqlanib, universitet ma’muriyati tomonidan bunday buyruq qabul qilinmagan hamda ma’lumotnoma, to‘lov-kontrakt shartnoma blankalari qayd kitoblarida ro‘yxatga olinmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
