16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga koʻra, 1997-yild 16-noyabr – har yili butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad dunyo xalqlarini bagʻrikenglikka, tinchlikni asrab-avaylashga hamda ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka erishishga chorlashdir.
Ushbu sanani Oʻzbekistonda nishonlash ham yaxshi anʼanaga aylangan. Ayni kunlarda yurtimizda Xalqaro bagʻrikenglik haftaligi boʻlib oʻtmoqda.
Bugun-16-noyabr kuni Guliston davlat universiteti Madaniyat saroyida “Xalqaro bagʻrikenglik kuni”ga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Tadbirni universitet rektorining axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi-matbuot kotibi B.Samadov olib bordi. Tadbir boshida “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” tarixi, YUNESKO tomonidan 1995-yilda qabul qilingan xalqaro bagʻrikenglik deklaratsiyasining ahamiyati va Oʻzbekistonda mazkur xalqaro huquqiy hujjat ijrosi borasida fikr bildirildi.
Tadbirda soʻzga chiqgan Guliston davlat universiteti professori, Yoshlar murabbiysi R.Maxmudov koʻpmillatli yurtimizda turli elat va diniy konfessiya vakillarininrg yagona oila sifatida birlashib, tinch-totuvlikda yashab kelishayotganligi, davlat siyosatida tinchlik, totuvlik, tolerantlik bosh mezon sifatida eʼtirof etib kelinayotganligi borasida fikr bildirdi.
Tadbirning badiiy qismida sanʼatshunoslik fakulteti ijodkorlari tomonidan bayramona kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
