Talabalar teatr studiyasi festivali
Teatr insonlarni ma’naviy tarbiyalashga, ularning bilim va madaniyatini boyitishga, o’zaro mehr-oqibat, hurmat va do’stlik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladigan maskandir.
Xalqimiz bejizga “Teatr — ibratxonadir” deyishmaydi, chunki teatr – muhim tarbiya maskani. Katta sahnalarda namoyish etilayotgan spektakllar yosh avlodni boy merosimiz, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashga, buyuk ajdodlarimizga munosib bo’lishga da’vat etadi.
Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 17 fevraldagi “Oliy ta’lim muassasalarida “Talabalar teatr studiyalari” festivalini o’tkazish to’g’risida”gi 160-sonli buyrug’i, “Yoshlar - kelajak bunyodkori!” shiori ostida “Yoshlar festivallari” doirasida o’tkaziladigan oliy ta’lim muassasalari talabalar teatr studiyalari festivalini tashkil etish va o’tkazish yuzasidan Respublika tashkiliy qo’mitasining bayoniga asosan barcha oliy ta’lim dargohlarida talabalar teatr-studiyalari tashkil etilib, ular tomonidan sahnalashtirilgan asarlar yoshlar ma’naviyatini boyitish, ularni sahna san’atining mumtoz namunalari bilan yaqindan tanishtirish, ijodiy fikrlash qobiliyatini o’stirishda muhim omil bo’lmoqda. Studiyalarga teatr san’atiga mehr qo’ygan iqtidorli yigit-qizlar jalb etilib, ular milliy va jahon adabiyoti asarlarini sahnada ijro etishmoqda.
2018 yil 16 aprel kuni Guliston shahrida mazkur festivalning ikkinchi saralash bosqichi o’tkazildi. Festivalda Jizzax Politexnika institutining “Ibrat”, Jizzax Davlat pedagogika institutining “Iste’dod” va Guliston davlat universitetining “Guliston guldastasi” teatr studiyalari o’z spektakllari bilan ishtirok etdi.
Hakamlar Hay’atining qaroriga asosan Jizzax Politexnika institutining “Ibrat” teatr studiyasi g’olib deb topildi va festivalning hududiy bosqichiga yo’llanma berildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
