“GulDU mushoirasi” — yosh ijodkorlarning ilk kitobi taqdim etildi

2026-yil 8-oktabr kuni “Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida Guliston davlat universitetida yosh ijodkorlar uchun quvonchli va unutilmas voqea — “GulDU mushoirasi” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kitob universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor, Oliy ta’lim a’lochisi Muxsin Xodjiyev tashabbusi bilan nashr etildi.

G‘oya esa bundan qariyb yetti oy avval, 2026-yil 5-mart kuni Axborot-resurs markazida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘ilgan edi. O‘shanda yoshlar tomonidan universitet ijodkorlarining she’r va nasrlarini jamlagan kitob nashr etish taklifi ilgari surilgandi.

Bu tashabbus tez orada amaliy ishga aylandi. Yosh ijodkorlar o‘rtasida tanlov e’lon qilinib, 100 ga yaqin talaba-yosh o‘z ijod namunalarini taqdim etdi. Saralash natijasida 23 nafar ijodkorning eng sara she’r va qissalari to‘plamdan joy oldi.

Shu tariqa 245 sahifalik “GulDU mushoirasi” dunyoga keldi.

Kitob Toshkent shahridagi “Ijod nashr” nashriyotida zamonaviy dizayn asosida 100 nusxada chop etildi. Bu — universitetning “Mushoira” klubi a’zolari uchun shunchaki kitob emas, balki ularning ijodiy izlanishlari, orzulari va ilk adabiy qadamlarini birlashtirgan qadrli to‘plamdir.

E’tiborlisi, yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilayotgan “Mushoira” klubi 2025-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bugunga qadar klub a’zolarining ijod namunalari viloyat va respublika miqyosidagi 10 dan ortiq gazeta va jurnallarda chop etildi.

Tadbir yakunida ijodkor talaba-ysohlarning ota-onlari  taqdirlanishdi.










Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

Studentmisiz?