Guliston davlat universitetida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat rivojiga bag‘ishlangan nufuzli ilmiy anjuman boshlandi
8-oktabr kuni Guliston davlat universitetida “Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat hamda yengil sanoatlarini kompleks rivojlantirishning muammo va yechimlari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Muxsin Xodjiyev kirish so‘zi bilan ishtirok etib, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat tarmoqlarini zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish, mavjud muammolarga ilmiy yechim topish hamda ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaradorligini oshirish masalalarining dolzarbligiga alohida to‘xtaldi.
Konferensiyada ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Dilmurod Eshmurodov, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalarining taniqli professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislari ma’ruzalar bilan ishtirok etmoqda.
Xususan, anjumanga:
— O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti;
— Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti;
— Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti;
— Toshkent kimyo-texnologiya instituti;
— Farg‘ona davlat universiteti
ning yetakchi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari taklif etilgan.
Konferensiya doirasida mutaxassislar uch muhim yo‘nalishda ilmiy izlanishlar, tajriba va amaliy yechimlar bilan o‘rtoqlashmoqda.
Qishloq xo‘jaligida — zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mexanizatsiyalash masalalari.
Oziq-ovqat sanoatida — mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, saqlash, chuqur qayta ishlash hamda innovatsion texnologiyalardan foydalanish.
Yengil sanoat va to‘qimachilikda — sohani kompleks rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va resurs tejamkor ishlab chiqarish usullarini takomillashtirish.
Ilmiy anjuman davomida sohalardagi mavjud muammolar atrofida fikr va tajriba almashinuvi, ilmiy munozaralar hamda muhokamalar olib borilib, mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ayni paytda sho‘balar kesimida o‘z ishini davom ettirmoqda.










Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文

