O'zbekiston Milliy kutubxonasida navbatdagi kitob taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy kutubxonasining katta majlislar zalida “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan “Tanazzul” kitobi (pentalogiya)ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi A.Turdiyev, filologiya fanlari doktori, professor B.Karimov, falsafa fanlari nomzodi, professor R.Mahmudov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent H.Ahmedov, adabiyotshunos olim, kitob muxarriri O.Abdullayevlar ishtirok etdilar.
“Beshta kitobdan iborat bo’lgan pentalogiya asarini taqdim etmoqda ekanmiz, muhtaram prezidentimiz tomonidan belgilangan 5 tashabbusning to’rtinchi tashabbusi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib qilish bo’yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo’naltirgan ekan, bugungi kitobimiz mavzusi aynan yoshlar ajdodlar hayotini, o’tmishini o’rganishi uchun katta boylik, meros desak xato bo’lmaydi. Adabiyotshunos olimlar, ustozlar e’tirofiga muyassar bo’lgan 5 tomlik tarixiy asar katta tarixga ega bo’lgan o’tmishimizni yaqqol ko’rsatib bergan”, - dedi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi bosh maslahatchisi A.Turdiev.
Muallif Sa’dixon Mavlavixon o’g’li qadimgi Toshkent va Qo’qon xonligi o’rtasidagi juda chigal va qiyin kechgan munosabatlarni aks ettirgan. Shavq bilan o’qiladigan romandagi sertarmoq va qiziqarli syujetning barcha tarmoqlari o’zaro mustaxkam ichki mantiqiy bog’lanishga ega. Asardagi har bir obraz o’z minazidan kelib chiqadigan betakror va ishonarli tutumi bor shaxslar sifatida aks ettirilgan.
Sa’dixon Mavlavixon o’zining besh kitobdan iborat “Tanazzul” romanida Xudoyorxon shaxsiyati to’g’risida qaror topgan ijtimoiy-estetik steriotiplarni buzib tashlashga jur’at etdi. Yozuvchi Xudoyorxonni ichki va tashqi dunyosini, qalb kechinmalarini, xarakterining sifatlarini aks ettirishga, uni anglash uchun ichki olamiga chuqurroq kirish talab etiladigan, ko’p qirrali, murakkab shaxsiyat egasi sifatida gavdalantirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
