Bitiruvchilarga yangi ufqlar: "Kelajakka qadam" dasturi yoshlar uchun imkoniyatlar eshigini ochmoqda
2025-yil 23-may kuni Guliston davlat universitetining Madaniyat saroyida Sirdaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi talabalari ishtirokida muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-sonli qarori asosida, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda ularning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirishini ta’minlashga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur dasturning asosiy maqsadi — nafaqat bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, balki ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga rag‘batlantirishdan iborat. Dastur “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ko‘magida amalga oshirilmoqda va mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari uning to‘laqonli ishtirokchisidir.
Tadbir davomida yoshlarga:
-biznes g‘oyalarni shakllantirish va ularni loyiha darajasiga olib chiqish;
-davlat va xususiy sektor bilan hamkorlik imkoniyatlari;
-startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan grantlar;
-amaliyot va stajirovka dasturlariga yo‘naltirilgan moliyaviy yordam;
-imtiyozli kreditlar kabi qulay imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirni Guliston davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori F.Sharipov ochib berdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i B.Xolmirov, Markaziy bank raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi E.Ikromov, “O‘zmilliybank” “Kelajakka qadam” markazi kredit bo‘limi kuratori A.Ilhomovlar ishtirok etib, talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar “Kelajakka qadam” dasturi orqali yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni moliyaviy jihatdan ta’minlash va o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Ochiq va samimiy muloqot shaklida o‘tgan tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha ishonchli va aniq ma’lumotlar olishdi. Uchrashuv yakunida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda yordam berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.










Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文



