2022-yilning 14-sentabr sanasida Guliston davlat universitetida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari Amanda Hopson xonim (jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi) va Jamiliya Nasreddinova (AQShda ta’lim bo‘yicha maslahatchi) va FULBRIGHT ETA ingliz tilini o‘qitish dasturi assistent o‘qituvchisi Sara Border xonimlar bilan universitet rektori M.T.Xodjiyevning o‘zaro hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tashrifdan maqsadan, O‘zbekiston-AQSh o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat borasidagi hamkorlik aloqalari negizida Guliston davlat universitetida FULBRIGHT ETA ingliz tilini o‘qitish dasturi asosida ta’lim berishni yo‘lga qo‘yishdir.
Mehmonlar bilan uchrashuvda universitet Rektori M.T.Xodjiyev o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari kengayib borayotganligidan mamnunligini, universitetda yana AQSh vakillarini ko‘rib turganligidan nihoyatda xursand ekanligini bildirdi. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor, muhtaram Prezidentimizning bu borada imzolagan Farmon va qarorlari, shu jumladan xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlovchi xalqaro sertifikatga ega yoshlar uchun beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Amanda Hopson o‘z nutqida Guliston davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib borayotganligini, avvalgi o‘quv yillarida ham AQShlik mutaxassislarning universitetdagi faoliyati muvafaqqiyatli bo‘lganligini, o‘zaro hamkorlik aloqalarni ilmiy tadiqoqtlar va innovatsion dasturlar doirasiga olib chiqish masalasiga e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
FULBRIGHT ETA ingliz tilini o‘qitish dasturi assistent o‘qituvchisi Sara Border mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildirib, universitet jamoasi bilan dastur doirasida bor kuch-g‘ayratini sarflab faoliyat olib borishini, rejadagi vazifalarni to‘liq ijro etishga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Rejaga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yili davomida FULBRIGHT ETA ingliz tilini o‘qitish dasturi assistent o‘qituvchisi Sara Border xonim Guliston davlat universitetida talaba-yoshlarga amaliy ingliz tili fanlaridan chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlarni olib boradi.