TIL BOR MILLAT YASHAYDI
GulDU - GULISTON DAVLAT UNIVERSITETI

Bizning shior: Universitet obrosihar bir professoroqituvchi, xodim va talabaning ornomusi, iftixori va vijdon ishidir.           Asosiy maqsadimiz: Eng yetuk universitetlar qatoridan joy olish!           Ilm bir shula, dilga tushgan on Shunda bilursankim, ilm bepoyon...
TIL BOR MILLAT YASHAYDI

 Inson dunyoni idrok etishi, atrof-muhitni anglashida tilning ahamiyati beqiyosdir. Ma’naviyatni tildan, tilni esa ma’naviyatdan ayri holda tasavvur ham etish mumkin emas. Til millat ko‘zgusi. Millatning o‘zligini anglatuvchi omillardan biridir. Tilsiz millat-millatsiz til ham bo‘lmaganidek, ma’naviyatsiz til – tilsiz ma’naviyat ham bo‘lmaydi.

1989 yilning 21 oktyabrida “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, bebaho boyligimiz bo‘lmish ona tilimizni rivojlantirish yo‘lida ulkan tarixiy voqea bo‘lgan edi.

O‘zbek tiliga Davlat tili maqomini bergan Qonun qabul qilinganiga o‘ttiz bir yil bo‘ldi. Bu albatta, tarix uchun juda qisqa fursat. Ammo shu qisqa vaqt ichida ona tilimizning sofligini saqlash, mavqeini yuksaltirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizda o‘zbek tili erkin qo‘llanmaydigan birorta soha yo‘q. O‘zbek tili o‘zining keng imkoniyatlarini xalqaro munosabatlarda, eng murakkab fan sohalarida to‘liq namoyon qilmoqda. Bugungi kunda davlat ahamiyatiga molik yirik uchrashuvlar, xalqaro anjumanlar, tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida o‘zbek tili faol qo‘llanilmoqda.

Til tarixiga nazar tashlar ekanmiz insoniyatga xos til qachon paydo bo‘lganligi, dastlabki tillarda qanday so‘zlar bo‘lganligi, uning grammatik xususiyatlari nimalardan iborat ekanligi hal qilingan emas. Lekin bizga shu narsa ma’lumki, kishilik tarixidagi barcha ma’naviy boyliklar til orqali yetib kelganligi hech kimga sir emas. Xalq dostonlari, qo‘shiqlari, afsonalari, ertaklari va boshqalar og‘izdan og‘izga o‘tib bizgacha yetib kelgan. “Alpomish” dostoni xalqimizning ana shunday ma’naviy boyligidir.

Til taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan zich bog‘langan: til jamiyat taraqqiyoti bilan birga taraqqiy qiladi, boyiydi. Kishilik jamiyati tarixi shuni ko‘rsatadiki, jamiyat a’zolarining avval urug‘dosh tili, qabila tili, keyin elat, xalq va ayrim millat tili paydo bo‘ladi. O‘zbek tili o‘zbek xalqining milliy tilidir.

Milliy tilning yagonaligi shundaki, til shu millatning barcha tabaqalar, guruhlar va sinflariga bir xil xizmat qiladi, ularning hammasi uchun birdan bir aloqa vositasi hisoblanadi. Chunki tilni xalq yaratadi, til – jamiyatning barcha a’zolari umumxalq tomonidan yaratilgan ijtimoiy hodisadir.

O‘zbek tili ta’limi mazmunining tubdan isloh qilingani, shunga muvofiq yangi darsliklar yaratilgani, ularning nashrdan-nashrga to‘ldirilgan va takomillashtirilgan holda chop etilayotgani yosh avlodning til tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillari o‘zbek tiliga mustaqil davlatimizning muqaddas timsollaridan biri sifatida ehtirom ko‘rsatib, uni o‘qib-o‘rganmoqda. Shu bilan bir qatorda, ularning ham o‘z ona tili va madaniyati rivoji uchun berilgan imkoniyatlar samaralarini har qadamda uchratish mumkin. Sirdaryo viloyatida ta’lim o‘zbek, rus, qozoq, tojik  tillarida olib boriladi. Bu tillarning barchasida darslik va o‘quv adabiyotlari nashr etilmoqda.

Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar turli millat vakillarining urf-odatlari, an’analari, madaniyati, tili kabi bebaho milliy qadriyatlarining saqlanishi va rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Inson, avvalo, o‘z ona tilini mukammal bilsagina boshqa tillarga hurmat bilan qaraydi va uni ham muhabbat bilan o‘rganadi.

Sho‘rolar davrida umumiy bir madaniyat, baynalminal do‘stlik, birodarlik niqobi ostida millatlarni yaqinlashtirish, birlashtirish umumiy bir tilni olg‘a surish siyosati olib borildi. Natijada milliy tillar, mayda kichik-kichik xalq, elat tillari siquvga olinib, aloqa vositasi sifatida ularning ishlatilish doirasi borgan sari cheklana bordi. Shular qatorida o‘zbek tili ham katta siquv ostida qolib, uning yirik bir millat tili sifatida taraqqiyot yo‘llari to‘siqlarga uchragan edi. O‘zbek tili o‘zbek xalqining milliy tili bo‘lsa ham davlat tili darajasiga ko‘tarilmagan edi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan til bilan bog‘liq muammolar hal qilindi. Ona tili taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Xalqimizning asrlik orzusi ro‘yobga chiqdi.

O‘zbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillari ham o‘z ona tillarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Maktablar ochildi, madaniy markazlar tashkil etildi, gazeta va jurnallar chiqarila boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida tilimiz haqida to‘xtalib “Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, - degan edi.

Til tafakkur inikosidir. Inson qalbida kechgan his tuyg‘ularni, ichki kechinmalarini til orqali ifodalaydi. Odamlar imo-ishoralar, turli hatti-harakatlari bilan ham fikrini tushuntira olishi mumkin. Lekin bu fikrni ifodalash uchun yetarli emas. Til orqali inson eng nozik ichki his tuyg‘ularini ham ifodalay oladi.

Lekin kishilar o‘rtasida bo‘ladigan muloqotlarda adabiy til qoidalariga rioya qilmaslik, sheva elementlarini qo‘shib gapirish, yozishmalarda esa o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalariga amal qilmaslik holatlarini uchratish mumkin. Bu esa Davlat tili masalalarining hali-hanuz dolzarb bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

 Til haqida so‘z ketganda  Alisher Navoiyning “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” degan hikmatlarida katta ma’no mujassam ekanligiga amin bo‘lamiz.

Fikrini o‘z ona tilida ravon va ixcham ifodalay oladigan, hozirgi o‘zbek adabiy tili me’yorlarini  o‘zlashtira olgan yoshlarni tarbiyalash dolzarb masaladir. O‘zbek tili davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konistitutsiyasi qatorida turadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.

Ilk yoshdanoq oilada, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolaga to‘g‘ri nutq, to‘g‘ri talaffuz normalarini singdirib borish yosh ota-onalar, tarbiyachilarga katta mas’uliyat yuklaydi. To‘g‘rida, o‘zi adabiy til normalariga amal qilmagan tarbiyachi yoki murabbiydan qanday to‘g‘ri nutqli, ma’naviyatli avlodni kutish mumkin. Haqiqatdan hayotda uchrab turadigan bunday hodisalarni ko‘p va xo‘p uchratish mumkin. Nutq bu olloh tomonidan insonga berilgan buyuk ne’mat. Lekin uni o‘rnida qisqa va lo‘nda ishlata bilish ham inson ma’naviyatining bir ko‘rinishidir.

Hazrat Alisher Navoiy bobomizning ushbu misralariga izohning hojati bo‘lmasa kerak.

Oldiga kelganni yemak hayvonning ishi,

Og‘ziga kelganni demak nodonning ishi.

Donishmandlarning aytishicha dono ko‘p tinglaydi oz so‘zlaydi, nodon esa ko‘p so‘zlaydi, oz tinglaydi. Uni shuning uchun ham nodon  deydilar.      Xalqimizda shunday ajoyib maqol bor: “O‘ynab aytsang ham o‘ylab ayt”. O‘ylamay, mushohada qilinmay aytilgan gaplar kishilar boshiga ko‘p tashvishlar keltirgan. Buyuk so‘z ustasi Abdulla Qodiriy “So‘z so‘zlamakda, jumla tuzmakda uzoq andisha kerak” deydi.

Talabalarimizning kundalik hayotdagi yoki dars mashg‘ulotlaridagi o‘zaro so‘zlashuvi, fikr almashuvi bilan chegaralanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Kundalik hayotimizda qo‘llanadigan so‘zlarning ko‘lami juda keng emas. Yoshlarni ko‘proq badiiy asarlar mutoalaa qilish orqali nutqini o‘stirish mumkin. Chunki badiiy asarlarda kitobxon ko‘p so‘zlarga duch keladi. Jumla tuzish, so‘zlash madaniyati shakllanadi. So‘z qo‘llashda so‘zlarning bir qancha variantlaridan-sinonimlaridan foydalanib jumla tuzish ko‘nikmasi shakllanadi.

Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun keng imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Shulardan biri kutubxonalardir. Ularda o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-siyosiy adabiyotlar, lug‘atlar bilan boyitilib borayotganligi yosh avlod tilini, tafakkurini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Nutq og‘zaki va yozma shaklda bo‘ladi. O‘zbek tili tarixidan ma’lumki asrlar mobaynida biz turli xil yozuvlardan foydalanib keldik. Lekin hech qaysi yozuv o‘zbek tili tovushlarini o‘zida lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi kabi to‘liq aks ettira olmadi.  Shuning uchun 1995 yil 24 avgustda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbek tilining lotin yozuvi asosidagi imlo qoidalari ishlab chiqildi. Bu yo‘nalishda mamlakatimizda juda katta ishlar amalga oshirildi. Xalqimiz ma’naviy mulkiga aylanib qolgan ko‘plab kitob va darsliklar, gazeta-jurnallar va boshqa matbaa mahsulotlari chop etildi. 

Umumta’lim maktab o‘quvchilarining to‘liq lotin yozuvidagi yangi o‘zbek alifbosidagi darsliklar bilan ta’minlanganligi mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlardan biri bo‘ldi.

Jamiyatning aloqa quroli bo‘lgan til tarixiy taraqqiyot jarayonida jamiyatning ma’naviyatini, madaniyatini, hayotini, turli urf-odatlarini aks ettirib boraveradi. Tilning taqdiri jamiyat taqdiri, tilni yaratgan xalq taqdiri bilan bog‘liqdir. O‘zbek tili o‘zbek xalqining, o‘zbek millatining bitmas-tuganmas boyligi shu xalqning ma’naviyatini, madaniyatini ko‘tarishda eng muhim vositadir.

Barcha tillar, jumladan, o‘zbek tili ham o‘z xalqiga xizmat qilib, ma’naviy, madaniy, iqtisodiy va boshqa sohalarda eng muhim aloq vositasi bo‘lib qolaveradi.

Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkt Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimizda ona tilimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi yorqin ifodasidir. 

GuiDU “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi

katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari

bo‘yicha falsafa doktori

IXTIYOR ERMATOV

155 | 2020-10-15 15:00

Guliston davlat universiteti (GulDU)
Telefon: (0367) 225-40-42
Faks: (0367) 225-42-75

Manzil: Guliston sh. 4 mavze
Jamoat transporti: 2-4 yo'nalishdagi avtobus, universitet bekati
Email: glsu_info@edu.uz
Saytimizdan ma`lumot ko`chirilganda guldu.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart.

Saytda xatolikni ko`rsangiz, xatoni belgilang va "CTRL+ENTER" tugmalarini bosib ma`muriyatga xabar bering!


Powered by Anvar Abduqayumov 2020
-->