Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi: Guliston davlat universiteti delegatsiyasi muhim kelishuvlarga erishdi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy
Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi oliy ta’lim tizimida xalqaro
hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgan nufuzli
ilmiy-amaliy maydon sifatida e’tirof etilmoqda. Mazkur kongress turli mamlakatlar
oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ekspertlar va akademik doira vakillarini
birlashtirib, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish
hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari
surmoqda.
Ushbu nufuzli anjumanda Guliston davlat universiteti delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abdushokhit Pozilov hamda Tibbiyot fakulteti dekani Farhod Shernazarov kongress doirasidagi uchrashuv va muzokaralarda qatnashib, qator muhim kelishuvlarga erishmoqda.
Kongress davomida mahalliy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida ham samarali muloqotlar tashkil etildi. Xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Boymuradov Shuhrat Abdujalilovich bilan Guliston davlat universiteti Tibbiyot fakulteti dekani Farhod Shernazarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur uchrashuv davomida Guliston davlat universitetida Tibbiyot fakultetining tashkil etilishida universitet rektori Muhsin Tadjiyevich Xodjievning katta xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Darhaqiqat, rektor M.T.Xodjiyevning tashabbuskorligi, strategik fikrlashi va oliy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida universitetda tibbiyot yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Uning rahbarligida ta’lim sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlarini joriy etish hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yosh kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari universitet taraqqiyotida muhim o‘rin tutmoqda.
Mazkur uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, tibbiyot ta’limi sifatini yanada oshirish hamda innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, kelgusi yilda Guliston davlat universiteti Tibbiyot fakultetini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonida o‘zaro tajriba almashish, metodik va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. Shuningdek, universitet qoshida yangi tashkil etilayotgan simulyatsion markazni zamonaviy jihozlash, innovatsion o‘quv texnologiyalarini joriy etish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.
Bundan tashqari, tomonlar tibbiyot fakulteti bitiruvchi kurslari uchun o‘quv dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish hamda yakuniy davlat attestatsiya sinovlarini birgalikda tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar. Bu esa bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro talablar asosida baholash imkonini yaratadi.
Umuman olganda, Samarqandda o‘tayotgan mazkur kongress nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Guliston davlat universiteti delegatsiyasining faol ishtiroki esa universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.





Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文



