Guliston davlat universiteti delegatsiyasi Xitoyda ShHT agrar ta’lim forumida ishtirok etmoqda







Xitoy Xalq Respublikasining Yanlin shahrida 33-Xitoy Yanlin qishloq xo‘jaligi yuqori texnologiyalari yarmarkasi (CAF) doirasida Shensi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi texnologiyalari universiteti (Shaanxi A&F Technology University) tashabbusi bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari qishloq xo‘jaligi kasbiy ta’limi bo‘yicha akademik almashinuv forumi bo‘lib o‘tmoqda. Nufuzli anjumanda Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari hamda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari delegatsiyalari ishtirok etmoqda.
Forum agrar sohada kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda Guliston davlat universiteti delegatsiyasi ham faol qatnashmoqda.
Forumning yalpi majlisida Guliston davlat universitetining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abdushohit Pozilov “Guliston davlat universiteti va Shensi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi texnologiyalari universiteti o‘rtasida zamonaviy agrar kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha sun’iy intellektga asoslangan hamkorlik” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni agrar ta’limga tatbiq etish, amaliyotga yo‘naltirilgan malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi. Ma’ruza forum ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Tashrifning muhim voqealaridan biri sifatida Shensi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda Guliston davlat universitetida tashkil etiladigan “Qingling Workshop” (Qingling amaliy o‘quv ustaxonasi)ning ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ustaxona talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ilg‘or xitoy tajribasi va zamonaviy uskunalar asosida kasbiy tayyorgarlik sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tashrif doirasida Syanyan kasbiy texnika instituti (Xianyang Vocational Technical College) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kelishuvlar akademik almashinuv, o‘quv dasturlarini birgalikda takomillashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Guliston davlat universiteti delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davom etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文



