Guliston davlat universitetining xalqaro hamkorlari kengaymoqda
2025-yil 11-fevral kuni Guliston davlat universitetiga Vengriyaning “OTB Bank group”ga tegishli boʻlgan “Yashil Ferma FE LLС” Oʻzbekistondagi loyihalar strategiyasi boʻyicha direktori Velosh Yanosh, xodimlarni saralash boʻyicha HR boshqaruvchisi Mesleni Ferens hamda Oʻzbekistondagi savdo loyihalari boshligʻi Fazakal Zoltanlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitet rektori M.Xodjiyev kutib oldi. Muzokaralar jarayonida M.Xodjiyev mehmonlarga universitet tarixi, bugungi kundagi rivojlanishi va istiqboli haqida batafsil maʻlumot berdi. Oʻz navbatida Vengriyalik hamkorlar mazkur loyiha yoʻnalishi va strategiyasi toʻgʻrisida maʼlumot berishib, Sirdaryo viloyati hududida Vengriya insvetitsiyasi asosida tovuq fermalari va goʻsht mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish borasida ish boshlashganini, mazkur korxonalarga mahalliy mutaxassislar jalb qilinib, ularni ta’minlashda Guliston davlat universitetining ilmiy potensialidan foydalanish yuzasidan hamkorlikni oʻrnatish taklifini bildirishdi.
Tashrif yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va kelgusida istiqbolli rejalarni amalga oshirishni koʻzda tutuvchi hamkorlik Memorandumini imzolash boʻyicha fikr almashishdi. Mazkur hamkorlik aloqasi ikki tomon uchun ham oʻzaro manfaatli ekanligi qayd etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
