Guliston davlat universitetida xalqaro hamkorlik sari navbatdagi ulkan qadam!

25-sentabr kuni Guliston davlat universitetiga Xitoyning Shandong Fanlar akademiyasi Test-analitik markazi raisi, professor Shan Baolong boshchiligidagi nufuzli delegatsiya tashrif buyurdi. (https://t.me/gulduuz/28446)


Mehmonlarni universitet rektori M.Xodjiyev samimiy kutib oldi. Suhbat davomida tomonlar bugungi ilmiy izlanishlar va innovatsion faoliyat yo‘nalishlari haqida batafsil fikr almashishdi. Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida esa muhim hujjat — ilmiy va innovatsion hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv asosida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, stajirovka dasturlarini amalga oshirish, akademik ma’lumot almashinuvi va malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Uchrashuv yakunida Guliston davlat universiteti Kengashining qaroriga muvofiq, professor Shan Baolongga universitetning faxriy professori unvoni berilib, maxsus diplom tantanali ravishda topshirildi.

Tashrif dasturi doirasida mehmonlarga Guliston davlat universiteti huzuridagi Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti faoliyati taqdim qilindi. Institut direktori, professor Habibjon Kushiyev oziq-ovqat xavfsizligi, tuproq unumdorligi, biotexnologiya, o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishlarida olib borilayotgan innovatsion izlanishlar hamda institut ilmiy xodimlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan delegatsiyani tanishtirdi.

Kun tartibidagi eng muhim voqea sifatida esa Guliston davlat universitetida Xitoy–O‘zbekiston hamkorligidagi “Test-analitik tahlil” xalqaro qo‘shma laboratoriyasiga tamal toshi qo‘yildi.

Marosimda rektor M.Xodjiyev va professor Shan Baolong birgalikda laboratoriya poydevoriga ramziy kapsula qo‘yib, ushbu strategik loyihaning qurilishiga start berishdi. (https://t.me/gulduuz/28447)

Ushbu tashabbus ikki davlat olimlari uchun yangi ilmiy izlanishlar va qo‘shma loyihalar yo‘lini keng ochib beradi. Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati hamda umuman O‘zbekiston agrar sektorida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, tuproq sifatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga ulkan hissa qo‘shishi kutilmoqda.


Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
Eleanor Fant
Headmaster
Fig Nelson
Language Teacher
Hanson Deck
Special Education Teacher

Studentmisiz?