Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining Guliston davlat universitetiga tashrifi: O‘zbekiston–Xitoy innovatsion hamkorligida yangi sahifa!
26-sentabr kuni
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘g‘irotboy Sharipov Guliston davlat
universitetida Xitoyning Shandong Baolai Leelai Bio-Tech Group professori Jinpeng Yuan va Shandong Fanlar akademiyasi
Test-analitik markazi professorlari Lihon Wang va Fan Chuanfanglardan iborat
delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikka asoslangan hamkorlik
aloqalari nafaqat siyosiy va iqtisodiy jabhalarda, balki ijtimoiy, fan, ta’lim
va innovatsiyalar sohasida ham jadal rivojlanib borayotganligini ta’kidlashdi. Shuningdek,
kelgusidagi innovatsion yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarining istiqbollari
muhokama qilindi.
Vazir Qo‘g‘irotboy Sharipov Sirdaryo viloyatini
muhtaram Prezidentimizning “Innovatsion hudud”ga aylantirish borasidagi
tashabbuslarini amalga oshirishda Xitoy asosiy investitsion hamkor ekanligini,
endilikda bu aloqalar nafaqat iqtisodiyot va ishlab chiqarish tarmoqlarida,
balki fan va innovatsiyalar yo‘nalishida ham rivojlanib borayotganligiga
alohida to‘xtalib o‘tdi.
Kun tartibidagi asosiy masala — Shandong Baolai Leelai
Bio-Tech Group, Shandong Fanlar akademiyasi Test-analitik markazi hamda
Guliston davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot
instituti hamkorligidagi Xitoy–O‘zbekiston hamkorligidagi xalqaro qo‘shma
laboratoriyasining tashkil etilishi yuzasidan ham fikr almashildi.
Mazkur laboratoriya oziq-ovqat xavfsizligi, tuproq
unumdorligi, biotexnologiya, o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishlarida ilmiy
tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda agrar sohadagi muammolar yechimi
bilan ham shug‘ullanadi.
Ushbu laboratoriyaning ochilishi ikki davlat olimlari
uchun yangi ilmiy izlanishlar va qo‘shma loyihalar yo‘lini keng ochib beradi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati hamda umuman O‘zbekiston agrar sektorida
ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, tuproq sifatini yaxshilash va qishloq
xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga ulkan hissa qo‘shishi
kutilayotganligi ta’kidlandi.
Sirdaryo viloyatida xitoylik investorlar hajmining
ortib borishi, bundan tashqari Guliston davlat universitetining xitoylik
hamkorlar safi kengayib borayotganligini, buning natijasida xitoy tilini
o‘zlashtirishga talabning oshishi sababli kelgusi o‘quv yilidan boshlab
Guliston davlat universitetida xitoy tili bo‘yicha bakalavr tayyorlash
rejalashtirilayotganligi ma’lum qilindi.
Muzokaralar yakunida vazir Qo‘g‘irotboy Sharipov
mehmonlarga tashrif va hamkorlik aloqalari uchun minnatdorlik bildirdi va
do‘stlik ramzi sifatida esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shundan so‘ng Shandong Baolai Leelai Bio-Tech Group,
Shandong Fanlar akademiyasi Test-analitik markazi hamda Guliston davlat
universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti
hamkorligidagi xalqaro qo‘shma laboratoriyaning rasmiy ochilish marosimi
o‘tkazildi.
Shu joyning o‘zida vazir Qo‘g‘irotboy Sharipovga
Guliston davlat universiteti huzuridagi Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy
tadqiqot instituti faoliyati taqdim qilindi. Institut direktori, professor
Habibjon Kushiyev oziq-ovqat xavfsizligi, tuproq unumdorligi, biotexnologiya,
o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishlarida olib borilayotgan innovatsion
izlanishlar hamda institut ilmiy xodimlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan
mahsulotlar bilan delegatsiyani tanishtirdi. Vazir mazkur institut ilmiy
xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ular tomonidan olib borilayotgan
innovatsion tadqiqotlar yuzasidan fikr almashdi.
Tashrif yakunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
vaziri Qo‘g‘irotboy Sharipov kelgusida Shandong Baolai Leelai Bio-Tech Group,
Shandong Fanlar akademiyasi Test-analitik markazi hamda Guliston davlat
universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti
hamkorligida barpo etiladigan Xitoy–O‘zbekiston hamkorligidagi “Test-analitik
tahlil” xalqaro qo‘shma laboratoriyasi bilan qiziqdi. Mazkur bino qurilishi
rejalashtirilayotgan joy bilan tanishib, tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
