“O‘zbek tili — millat ruhi va ma’naviyat tayanchi”
21-oktabr kuni Guliston davlat universiteti Madaniyat saroyida “O‘zbek tili bayrami” kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir yuksak ruh va milliy g‘urur muhitida o‘tdi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘aybulla Yusupov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ona tilining davlat boshqaruvidagi, ta’lim va jamiyat hayotidagi o‘rni, shuningdek, til madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Davlat madhiyasi yangrab, bayram tantanalari boshlandi. Shundan so‘ng Guliston davlat universiteti rektori M.Xodjiyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Rektor o‘z nutqida til — millatning ruhi, uning abadiyligi va birdamligining garovi ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, universitetda ona tilini chuqur o‘rganish, yoshlarda tilga muhabbat va hurmat tuyg‘usini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirning badiiy qismida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Asatilla Xoliqov sahnalashtirgan badiiy kompozitsiya namoyish etildi. Unda xalq shoirlari Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, To‘ra Sulaymon va Muhammad Yusufning betakror ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, she’rlar va kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilar qalbini yuksak his-tuyg‘ularga boyitdi.
Tadbir ishtirokchilari ona tiliga bo‘lgan muhabbat, milliy g‘urur va ma’naviy yuksalish ruhini yana bir bor his etishdi. Guliston davlat universiteti jamoasi uchun bu bayram nafaqat ona tilini e’zozlash, balki uning betakror boyligi va ilohiy qadrini yanada chuqur anglash imkonini berdi.
O‘zbek tili — millat iftixori, Vatan ruhi va ma’naviyat tayanchidir!









Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文



