Guliston davlat universiteti Xitoy bilan strategik ta’lim hamkorligini yo‘lga qo‘ydi

2025-yil 4-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Guliston davlat universitetiga Xitoy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish vazifasi belgilangan edi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida universitet delegatsiyasi ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

2026-yil 2-fevraldan boshlab Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muxsin Xodjiyev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Farhod Arziyev bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Tashrif O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Xizmat safari davomida Beifang Automotive Education Group, Tianjin Light Industry Vocational Technical College hamda Shaanxi A&F Technology University rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ta’lim, ilm-fan va texnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Beifang Automotive Education Group (Beifang International) bilan hamkorlik memorandumi imzolanib, Guliston davlat universiteti huzurida xalqaro standartlarga mos avtomobilsozlik yo‘nalishida o‘quv-trening markazini tashkil etish, zamonaviy laboratoriyalar yaratish, qo‘shma o‘quv rejalari va o‘quv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, Xitoyda malaka oshirish va stajirovkalar, qo‘shma sertifikatlash mexanizmlarini joriy etish nazarda tutildi.

Tianjin Light Industry Vocational Technical College rektori, professor Li Yunmei hamda Guliston davlat universiteti rektori, professor M. Xodjiyev o‘rtasidagi uchrashuvda GulDU negizida “Lu Ban ustaxonasi”ni tashkil etish, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar va talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya Northwest A&F University (Shaanxi A&F Technology University)ga tashrif buyurib, ta’lim va ilm-fan sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Kelishuvlarga muvofiq, joriy yilda 20 nafar GulDU professor-o‘qituvchisi Xitoyda malaka oshiradi, talabalar uchun esa Summer Camp dasturlari tashkil etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
Eleanor Fant
Headmaster
Fig Nelson
Language Teacher
Hanson Deck
Special Education Teacher

Studentmisiz?