Ish tashlash – mehnat nizolarini hal etishning huquqiy vositasi.

Mehnat munosabatlari jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o’rin tutadi. Xodimning munosib mehnat sharoitida ishlashi, o’z mehnati uchun adolatli haq olishi hamda mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarining ta’minlanishi mehnat sohasidagi davlat siyosatining muhim yo’nalishlaridan biridir.

Shu bilan birga, mehnat munosabatlarida xodimlar va ish beruvchilarning manfaatlari har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Bunday holatlarda taraflar o’rtasida mehnat nizolari yuzaga kelishi mumkin.

Mehnat nizolarini tinch yo’l bilan hal etish, avvalo, taraflarning muzokara olib borishi va o’zaro maqbul echimga erishishini nazarda tutadi. Biroq ayrim hollarda xodimlarning jamoaviy talablarini boshqa vositalar orqali hal etish imkoniyati mavjud bo’lmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatlarda xodimlarning o’z huquq va qonuniy manfaatlarini jamoaviy ravishda himoya qilish vositalaridan biri sifatida ish tashlash instituti muhim ahamiyat kasb etadi.

Ish tashlash xodimlarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning jamoaviy shakllaridan biri hisoblanadi. U, avvalo, xodimlar bilan ish beruvchi o’rtasida yuzaga kelgan mehnat nizosini hal etishga qaratilgan vosita sifatida namoyon bo’ladi.

Ish tashlashning asosiy mazmuni xodimlarning o’z mehnat majburiyatlarini vaqtincha bajarishdan jamoaviy ravishda voz kechishi orqali ish beruvchiga o’z talablarini ko’rib chiqish va hal etish zarurligini bildirishdan iborat.

Ish tashlash mehnat munosabatlarida xodimlarning jamoaviy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish imkonini beruvchi muhim huquqiy institutdir. Uning ahamiyati shundaki, yakka tartibda bildirilgan talablarni amalga oshirish imkoniyati cheklangan hollarda xodimlar o’z manfaatlarini jamoaviy tarzda himoya qilish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Shu jihatdan, ish tashlash xodimlar va ish beruvchi o’rtasidagi manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiluvchi vositalardan biri sifatida qaraladi.

Biroq, ish tashlash faqat xodimlarning o’z talablarini ilgari surish vositasi bo’lib qolmay, balki muayyan huquqiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Xususan, ish tashlashning qonunchilikda belgilangan tartib va shartlarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi uning huquqiyligini belgilashda muhim ahamiyatga ega.

Aksincha, belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda o’tkazilgan ish tashlash xodimlar, ish beruvchi va boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga ta’sir ko’rsatishi, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Ish tashlashning oqibati, bir tomondan, xodimlarning mehnat shartlarini yaxshilash, mehnatga haq to’lash, mehnat huquqlarini ta’minlash yoki boshqa jamoaviy talablarni ilgari surish bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchi tomondan, ish beruvchining faoliyati vaqtincha to’xtashi yoki cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli ish tashlash huquqini amalga oshirishda xodimlarning jamoaviy manfaatlari bilan bir qatorda ish beruvchi, boshqa xodimlar va jamiyat manfaatlari o’rtasidagi muvozanatni ta’minlash masalasi ham muhim hisoblanadi.

Shunday qilib, ish tashlashni faqat mehnat faoliyatini vaqtincha to’xtatish sifatida emas, balki mehnat nizolarini hal etish, xodimlarning jamoaviy manfaatlarini himoya qilish va mehnat munosabatlarida taraflarning manfaatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan huquqiy vosita sifatida baholash mumkin.

Mazkur nizolarni sud tartibida hal etish maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksida e’lon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish, uni to’xtatib turish yoki ish tashlashni noqonuniy deb topish to’g’risidagi ishlarni sudlar tomonidan ko’rib chiqish tartibi belgilangan.

Mazkur normalarning ahamiyati shundaki, ish tashlash xodimlarning jamoaviy mehnat huquqlarini amalga oshirish shakli bo’lishi bilan birga, ish beruvchi, boshqa xodimlar va ayrim hollarda jamiyat manfaatlariga ham ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Shu sababli, qonunchilik ish tashlashni o’tkazish bilan bog’liq nizolarni sud nazorati ostida ko’rib chiqish imkonini beradi.

Ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish yoki uni to’xtatib turish haqidagi talab ish tashlashning muayyan muddat davomida o’tkazilishining oldini olishga qaratilgan bo’lsa, uni noqonuniy deb topish haqidagi talab ish tashlashni o’tkazish uchun qonunchilikda belgilangan talablar va tartibga rioya etilgan-etilmaganligini aniqlashni nazarda tutadi.

Shunday ekan, sud bunday ishlarni ko’rishda nafaqat taraflarning talab va e’tirozlarini, balki ish tashlashni e’lon qilishning qonuniy asoslari, uni o’tkazish tartibiga rioya qilinganligi hamda ish tashlash natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan huquqiy oqibatlarni ham baholashi lozim.

 

D. Burxonov

Sirdaryo viloyat sudining sudyasi        

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

Studentmisiz?