Guliston davlat universiteti delegatsiyasi— Jahon kasbiy va texnik ta’limni rivojlantirish konferensiyasida


2026-yil 16-oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Tyanszin shahrida Guliston davlat universiteti rektori Xodjiyev Muxsin Tadjiyevich boshchiligidagi delegatsiya “2026 World Vocational and Technical Education Development Conference” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro konferensiya kasbiy va texnik ta’limni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tajriba almashish masalalariga bag‘ishlandi.

Konferensiya doirasida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan oliy ta’lim va kasbiy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalar, innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, “Lu Ban Workshop” xalqaro hamkorlik platformalari hamda kadrlar tayyorlashning zamonaviy modellari muhokama qilindi.

Mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etish Guliston davlat universitetining xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini yanada kengaytirish, kasbiy va texnik ta’lim yo‘nalishidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda ularni universitet faoliyatiga tatbiq etish uchun muhim imkoniyat yaratdi.


Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

Studentmisiz?