Guliston davlat universitetida “Lu Ban” ustaxonalari tashkil etiladi

Guliston davlat universitetida xalqaro hamkorlikni amaliy natijalarga yo‘naltirish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va talabalar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam tashlanmoqda.

Guliston davlat universiteti va Xitoyning Tianjin yengil sanoat kasb-hunar texnika kolleji o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar yakunida Guliston davlat universiteti rektori Muxsin Xodjiyev hamda Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘mitasi kotibi Li Yunmey ishtirokida Guliston davlat universitetida “Lu Ban” ustaxonalarini bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

“Lu Ban” ustaxonalari — zamonaviy kasblar, ilg‘or texnologiyalar va amaliy ta’lim uyg‘unligi!

Mazkur ustaxonalar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, xalqaro tajribani o‘rganish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallashiga xizmat qiladi.

Dastlab ustaxonalarni quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etish rejalashtirilgan: Muqobil energiya manbalari,  sun’iy intellect, to‘qimachilik, tikuvchilik.

Hamkorlik faqat ta’lim jarayoni bilan cheklanib qolmaydi. Xitoylik tadbirkorlar bilan birgalikda O‘zbekiston korxonalarida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularning kelgusida ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, talabalarning zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, xalqaro tajriba asosida tayyorgarlikdan o‘tishi va tegishli sertifikatlarni olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Asosiy maqsad — bilimli, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash.

Guliston davlat universitetida Lu Ban ustaxonalarining tashkil etilishi ta’lim, ishlab chiqarish va xalqaro hamkorlikni birlashtirish, talabalarni kelajak kasblariga tayyorlash hamda universitetning innovatsion salohiyatini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.


Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

Studentmisiz?