O'qishini ko'chirish, qayta tiklash va o'qishdan chetlashtirish
Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga va magistraturasiga qabul qilish tartiblari bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish, talabalar o'qishini ko'chirish, qayta tiklash va o'qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risida NIZOM" ga muvofiq amalga oshiriladi
1. Mazkur Nizom “Ta'lim to`g`risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq oliy ta'lim muassasalari talabalari o`qishini ko`chirish, qayta tiklash va o`qishdan chetlashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi harbiy oliy ta'lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Talabalar o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklash, odatda, yozgi ta'til davrida, tegishli kurs (semestr)da o`quv mashg`ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.
4. Talabalar safidan chetlashtirish mazkur Nizomda belgilangan hollarda oliy ta'lim muassasasi rektorining buyrug`i bilan amalga oshiriladi.
5. Talabalar o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklash quyidagilarning:
oliy ta'lim muassasalari;
tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo`lgan vazirliklar va idoralar;
O`zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o`qishini ko`chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o`rinlarda — Idoralararo komissiya deb yuritiladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Idoralararo komissiya O`zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi (keyingi o`rinlarda — Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tashkil etiladi. Uning tarkibiga tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo`lgan vazirliklar va idoralar vakillari kiritiladi.
Idoralararo komissiyaning raisi va mas'ul kotibi Davlat komissiyasi qarori bilan tayinlanadi.
6. Oliy ta'lim muassasasi rektorining qarori asosida talabalar o`qishini shu oliy ta'lim muassasasi doirasida oliy ta'limning mos va turdosh yo`nalishlari (mutaxassisliklari) bo`yicha ko`chirish va tiklash amalga oshiriladi.
7. Quyidagi hollarda talabalar o`qishini ko`chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta'lim muassasasi bo`ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:
oliy ta'limning mos va turdosh yo`nalishlari (mutaxassisliklari) bo`yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta'lim muassasasiga;
oliy ta'limning mos va turdosh yo`nalishlari (mutaxassisliklari) bo`yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta'lim muassasasidan boshqa oliy ta'lim muassasasiga ko`chirish va qayta tiklash.
8. Quyidagi hollarda talabalar o`qishini ko`chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:
xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo`lgan oliy ta'lim muassasalaridan O`zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga;
bir oliy ta'lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta'lim muassasalariga oliy ta'limning turdosh bo`lmagan yo`nalishlari (mutaxassisliklari)ga.
9. Oliy ta'limning turdosh yo`nalishlari (mutaxassisliklari) ro`yxati O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi (keyingi o`rinlarda — Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi deb yuritiladi) tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Talabalarning o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizalari mos ravishda:
ushbu Nizomning 6-bandida ko`rsatilgan holatlar yuzasidan — oliy ta'lim muassasasining qabul komissiyasiga;
ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida ko`rsatilgan holatlar yuzasidan — Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlarga topshiriladi.
Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib:
ushbu Nizomning 7-bandida ko`rsatilgan holatlar bo`yicha tasarrufida oliy ta'lim muassasasi bo`lgan vazirliklar va idoralarga;
ushbu Nizomning 8-bandida ko`rsatilgan holatlar bo`yicha — Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligiga taqdim etadi.
Oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari hamda hududiy ishchi guruhlar talabalar o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklash haqida kelib tushgan arizalar to`g`risida belgilangan shaklda Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligiga umumlashtirilgan ma'lumot topshiradilar.
11. Oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi talabalar o`qishini ko`chirish yoki tiklash haqidagi arizalarni mazkur Nizomda belgilangan vakolatlar doirasida shakllantirib Idoralararo komissiyaga qaror qabul qilish uchun yo`llaydi.
12. O`zbekiston Respublikasi hududida ta'lim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo`lmagan nodavlat oliy ta'lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta'lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo`limlar, o`quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan O`zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga talabalar o`qishini ko`chirish va qayta tiklash taqiqlanadi.
13. Birinchi kursga o`qishni ko`chirish va qayta tiklash man etiladi (istisno tariqasida, talabaga kasallik tufayli akademik ta'til berilishi mumkin).
14. O`qishning barcha shakllari bo`yicha oliy ta'limning mos va turdosh yo`nalishlari (mutaxassisligi) bo`yicha davlat grantlari o`rinlariga ko`chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar arizasiga ko`ra muayyan ta'lim yo`nalishi (mutaxassislik)da oliy ta'lim muassasalariga tegishli o`quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.
15. Boshqa hollarda o`qishni ko`chirish to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
16. O`qishni ko`chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizaga talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma'lumotnoma nusxalari ilova etiladi.
17. Talabalarning o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy ta'lim muassasasi rektori belgilangan tartibda o`quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (umumkasbiy va ixtisoslik fanlari bo`yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (ikki oydan ortiq bo`lmagan), o`qitish kursi hamda o`qishga qabul qilishning boshqa shartlarini belgilaydi.
18. Talabalarning o`qishini shartli ravishda ko`chirish yoki qayta tiklash taqiqlanadi.
19. Davlat oliy ta'lim muassasalarida o`qishni ko`chirish yoki qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.
20. To`lov-kontrakt asosida talabalar o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklashda to`lov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, to`lov mablag`lari va muddatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
