Sudning yopiq sud majlislarida ishtirok etgan shaxslar ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlikka tortiladi
Bilib qo‘ygan yaxshi
2025-yil 26-sentabrda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 1084-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirilgan yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan ularni sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksining 60-moddasi (ekspertning majburiyatlari va javobgarligi) to‘rtinchi qismi, 62-moddasi (mutaxassisning huquq va majburiyatlari) ikkinchi qismi, 64-moddasi (tarjimonning huquq va majburiyatlari) beshinchi qismi va 98-moddasi (ekspertning (ekspertlar komissiyasining) xulosasi) uchinchi qismiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgan bo‘lsa, ushbu kodeksning 208-moddasi (sud majlisi) yettinchi qism bilan to‘ldirildi.
Qoida tariqasida, Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasiga asosan barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi.
Davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan ishlar bo‘yicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkaziladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishining oldini olish, yozishmalar sirini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida yopiq sud muhokamasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Ish sudning yopiq majlisida ko‘rilayotganida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, zarur hollarda esa guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ham hozir bo‘ladi.
Yuqoridagi qonun bilan ekspert, mutaxassis va (yoki) tarjimonlarning yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yildi.
Ya’ni, sudya tomonidan ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish to‘g‘risida ajrim chiqarilganda yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinadi. Ushbu tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 239-moddasiga muvofiq javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettiriladi.
D.Burxonov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining sudyasi

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring
