Bitiruvchilar klubi

Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo’ldoshev milliy adabiyotshunoslik ilmida ham, adabiyot o’qitish metodikasi sohasida ham katta evrilish yasagan olim. U 1949 yil 9 mayda Sirdaryo viloyatida dunyoga keldi. 1956 yilda Boyovut tumanidagi 8-o’rta maktabga o’qishga kirdi. 1966 yilda o’rta maktabni bitirib, shu yili Sirdaryo davlat pedagogika institutining o’zbek tili va adabiyoti fakultetiga o’qishga qabul qilindi. Institutni imtiyozli bitirgan yosh mutaxassis 1970 yildan mehnat faoliyatini boshladi. Avval, Guliston tumanidagi 15- va 1-maktablarda ona tili va adabiyot o’qituvchisi, so’ng 9-hunar texnika bilim yurti o’quv bo’limi mudiri, direktor o’rinbosari lavozimlarida ishladi. Orada harbiy xizmatga borib keldi.

1980 yildan mehnat faoliyati yo’nalishini o’zgartirib, O’zkompartiya Guliston raykomi instruktori, Qishloq xo’jalik xodimlari kasaba uyushmasi Guliston raykomi raisi, “Qizil tong” kolxozi partkomi vazifalarida ishladi.

1985 yilda kolxozda ishlab turib, “O’zbek sovet satirik hikoyalarida xarakter tasviri evolyutsiyasi” mavzusida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya yoqladi. 1986 yildan Guliston davlat universitetida o’qituvchi, katta o’qituvchi, dotsent, kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlarida ishladi. 1994 yilda adabiyot o’qitish metodikasi ilmini yangilashga bel bog’lagan Q. Yo’ldoshev tayyor doktorlik dissertatsiyasi bilan Toshkentga keladi va Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida 1998 yilgacha bo’lim mudiri, ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari sifatida faoliyat yuritdi. 1997 yilda “Yangicha pedagogik tafakkur va umumta’lim maktablarida adabiyot o’qitishning ilmiy-metodik asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

1998 yildan O’zbekiston Milliy universiteti “O’zbek filologiyasi” fakulteti dekani, kafedra mudiri bo’lib ishladi. Hozirda “Matnshunoslik, milliy uyg’onish davri va hozirgi o’zbek adabiyoti tarixi” kafedrasi professori vazifasida faoliyat olib bormoqda.

Q. Yo’ldoshev oilali – bir o’g’il, bir qizi bor.

Qozoqboy Yo’ldoshevning adabiyotshunoslik sohasidagi salohiyatini uning “Yoniq so’z” kitobida yaqqol ko’rish mumkin. Zamonaviy adabiy tanqidchilikning tezkor va hozirjavob emasligi, uning oqsayotganligi sabablari haqida mulohaza yuritar ekan olim soha rivojiga ko’pchilik adabiyotshunoslar tafakkurining o’z ichki tazyiqlaridan qutulib ketolmayotganligi, “...milliy falsafiy qarashlar tizimining to’liq shakllanmagani va olimlarning o’zgacha qarashlarni qabul qilolmasligi” to’siq bo’layotganini, endi shakllanayotgan yosh olimlar esa: “eskicha yozishni istamaganliklari va yangicha tafakkur maromini topa olmayotganliklari uchun bir oz tin olishga majbur” ekanini sabab qilib ko’rsatadi. Kamchiliklarni bartaraf etish yo’llarini: “Adabiy tanqidchilik o’zbekcha torlikni yorib chiqib ketmasa, ...adabiyot ilmining rivojlanishi qiyin. Chunki inson fikrlash haqqi va imkoniyati tufayli insondir. Bir kishining fikri ko’pchilikka, boringki, barcha mutaxassislarga yoqmasligi mumkin, lekin bu hol o’sha fikrning mavjud bo’lishiga mutlaqo xalaqit bermasligi kerak. Ijodkor istagan yo’sinda, xohlagan yo’nalishda qalam surishga haqli. Va buning uchun u hech kimdan ruxsat so’rab, xayrixohlik kutib o’tirmaydi. Faqat u o’z qarashlarini asoslaydigan dalillar tizimiga ega bo’lsa bas”,– deydi.

Adabiyotshunoslik esa: “...badiiy asarda tasvirlangan alohida shaxs ko’nglidagi ruhiy tovlanishlarning ildizlarini topa bilgandagina chinakam ilmiy xulosalar chiqara oladi. Bu yo’lda ba’zan u ijodkorning o’zi ham sezmagan jihatlarni kashf etishi, asarning yashirin qatlamlarini ko’ra bilishi mumkin. Teran ilmiy kuzatishlarga boy adabiyotshunoslik millatning umumiy saviyasiga ta’sir ko’rsatadi, mulohazali o’quvchilarni tarbiyalaydi. Adabiy tanqidchilikdagi yangilanishlar badiiy adabiyotni o’zgartiradi, ayni vaqtda, badiiy ijoddagi o’zgarishlar tufayli adabiyotshunoslik ilmi yangilanib boradi...”,- deya bugungi adabiy tanqidchilikning mezonlarini belgilab beradi.

Adabiyotshunos olim mazkur kitobida o’zbek adabiyoti tarixini davrlashtirish haqida ham boshqalarnikidan tamomila farq qiladigan qarashlarni bayon etadi. Ma’lumki, bu masala yuzasidan turfa fikrlar mavjud va davriy matbuotda har xil modellar taklif etilmoqda. Q. Yo’ldoshev, avval, adabiyot ilmi uchun davrlashtirish nega kerak degan savolga javob beradi, so’ngra uni: “Islomgacha bo’lgan davrdagi adabiyot. Islom ta’siridagi adabiyot. Jahoniy ta’sirdagi o’zbek adabiyoti” shaklida davrlashtiradi va o’z qarashlarini milliy-tarixiy dalillar bilan asoslaydi. Adabiyotni davrlashtirish borasidagi qarashlarning yashovchanligi va ilmda o’z o’rnini egallashi asoslarning kuchliligi hamda adabiyotshunoslik ilmining bilimdonligi va saviyasiga bog’liq bo’ladi.

Professor Q. Yo’ldoshevning pedagogik faoliyati haqida shuni aytish mumkinki, domla adabiyot o’qitish metodikasi ilmida ham keskin burilish yasadi. Adabiy ta’limni tubdan o’zgartirishning ijtimoiy, ilmiy va pedagogik omillarini asoslab ko’rsatgan olim bu jarayonni ta’lim berish bilan birga tarbiyalashga qaratilishi kerakligini ta’kidlaydi. Qator darslik va metodik qo’llanmalar muallifi Q. Yo’ldoshev: “Aslida adabiyot tarixiga daxldor biror dalilni sharillatib aytib bera oladigan, ammo ma’naviyatida ezgu fazilatlar bo’lmagan o’quvchidan ko’ra, ayrim adabiy ma’lumotlar tizimini bilmasa ham, badiiy asarlarning qahramonlariga xos insoniy fazilatlarni o’z tabiatiga singdirgan, sirtdan qaraganda, nofaolday tuyuladigan o’quvchilar jamiyatimiz uchun ko’proq zarurdir”,- deb hisoblaydi. Bundan tashqari, adabiy ta’lim yo’nalishini tubdan yangilashning milliy-tarixiy ildizlarini qidirar ekan: “Musulmon Sharqi uchun butun olam hodisalarini izohlaganda ham, badiiy ijod namunalarini tushuntirganda ham asrlar mobaynida qo’l kelgan tajalli, jilva nazariyasi mavjuddirki, u badiiy voqelikni boshqa har qanday qarashlardan ko’ra to’laroq anglatishga qodirdir. Qadim Turkistondagi maktablarda badiiy adabiyot asrlar davomida tajalli nazariyasiga tayanilgan holda o’qitilib kelingan. Negaki, ...chinakam badiiy asarlarning asosiy qismi yaratilishida tajalli tamal toshi vazifasini o’tagandir. Bu nazariyaga tayanadigan adabiy ta’lim o’quvchilarda ma’naviy sifatlarning shakllanishiga, bolalarda yaratuvchining qudratidan hayratlanish, qahridan qo’rqish, go’zalligidan zavqlanish singari hislatlarni barpo etishga ahamiyat beradi. O’quvchilarning qalbini tarbiyalashga, tuyg’ularini, hissiyotlarini noziklashtirishga diqqat qiladi. Bunday tamoyillarga tayanib ish ko’radigan maktab talabalari o’zgalarning g’amiga sherik bo’lishga, adolatsizlikka qarshi befarq bo’lmaslikka, go’zallikdan lazzatlanishga qodir kishilar bo’lib tarbiyalanadilar. Tajalli asosida ish ko’radigan adabiy ta’lim komil shaxs tarbiyalashni maqsad deb hisoblaydi”,- deya ta’kidlaydi va bu maqsadlarga erishishda o’rganiladigan asarlarning o’quv tahlili ustuvor mavqedla bo’lishi lozimligini ta’kidlaydi. Nafaqat o’zbek metodika ilmida, balki sobiq Ittifoq respublikalari olimlari orasida birinchi bo’lib, adabiy ta’lim tizimining maqsadi, vazifalari, mazmuni nimadan iborat ekanligini o’z asarlarida ko’rsatib berdi.

Mamlakatda adabiyot o’qitish jarayonining yo’nalishini belgilab beruvchi “Adabiy ta’lim kontseptsiyasi” nomli bosh hujjatni yaratishda ham Q. Yo’ldoshev mana shu ilg’or qarashlarga asoslangan. Uning rahbarligida yaratilgan standart, dastur, darslik, o’quv va metodik qo’llanmalarda ham mana shu qadriyatlar ustuvorlik qiladi.

Professor Q. Yo’ldoshev rahbarligida oltita nomzodlik va bitta doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. Domla yana uchta doktorlik, o’nga yaqin nomzodlik ishlariga boshchilik qilmoqda. Himoya qilingan va tayyorlanayotgan ishlar ham metodik, ham filologik yo’nalishda ekanligi ustoz ilmiy qamrovining miqiyosidan dalolatdir.

Qo’lingizdagi bibliografik ko’rsatkichda filologiya fanlari nomzodi, pedagogika fanlari doktori, professor Q. Yo’ldoshevning 2009 yilgacha chop etilgan ilmiy ishlari o’z aksini topgan. Serqirra olimning ijodidan foydalanishda izlanuvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida yaratiqlari “Adabiyotshunoslik”, “Tilshunoslik”, “Pedagogika”, “Metodika” va “Entsiklopedik maqolalar” kabi ruknlarga taqsimlangan. Nashr qilingan ishlarning umumiy hajmi taxminan bir yarim ming bosma toboqni tashkil etadi.

Adabiyotshunoslik” rukni “Alohida nashrlar”, “So’zboshi va so’ngso’zlar”, “Jurnal maqolalari”, “To’plamlarda chop etilgan maqolalar” va “Gazeta maqolalari” singari fasllarga ajratilgan bo’lib, bu rukndan o’rin olgan materiallar hajmi, taxminan, 120 bosma toboqni tashkil etadi.

Tilshunoslik” bo’limidagi maqolalarning umumiy hajmi 34,5 bosma toboqni tashkil etsa, “Pedagogika” ruknidan o’rin olgan yaratiqlarning hajmi 27,51 bosma toboqdan iborat.

Nashr etilgan ishlar ro’yxatining hajman eng katta bo’limi “Metodika” hisoblanadi. Bo’lim “Kontseptsiya, standart, dastur va darsliklar”, “Metodik qo’llanma va tavsiyalar”, “Jurnal maqolalari”, “Gazeta maqolalari” va “To’plamlarda chop etilgan maqolalar” kabi fasllarni o’z ichiga oladi va bitiklarning umumiy hajmi 893 bosma toboqni tashkil etadi.

146 | 2019-03-15 15:58
Sayt bo'ylab izlash
Virtual qabulxona
Ishonch telefonlari
0 (367) 225-41-76
Universitet rektoriga murojaat
'Huquqiy axborot' kanali
DTM Sirdaryo viloyati bo'limi kanali
Edu.uz (rasmiy kanal)

Guliston davlat universiteti (GulDU)
Telefon: (0367) 225-02-75
Faks: (0367) 225-40-42

Manzil: Guliston sh. 4 mavze
Jamoat transporti: 2-4 yo'nalishdagi avtobus, universitet bekati
Email: glsu_info@edu.uz
Saytimizdan ma`lumot ko`chirilganda guldu.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart.

Saytda xatolikni ko`rsangiz, xatoni belgilang va "CTRL+ENTER" tugmalarini bosib ma`muriyatga xabar bering!


Powered by Anvar Abduqayumov 2019
  • Kirish

    Login
    Parol
    Ro'yxatdan o'tish