Guliston davlat universitetida Xitoy delegatsiyasi bilan muhim xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 7-may kuni Guliston davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro ta’lim tashkilotlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiyani universitet rektori M.Xodjiyev kutib oldi va tomonlar o‘rtasida rasmiy muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuvda Xitoyning Ningxia Vocational and Technical University hamda Tang International Education Group vakillari ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibidan universitet Partiya qo‘mitasi kotibi Zhou Zhen, xalqaro hamkorlik va bandlik bo‘limi direktori Shen Ziwen, rivojlantirish rejalashtirish departamenti direktori Ma Ning, sanoat muhandisligi maktabi vitse-dekani Zhang Caifen, hayot fanlari va texnologiyalari maktabi vitse-dekani Cui Hai hamda xalqaro ta’lim tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari o‘rin oldi.
Muzokaralar davomida Guliston davlat universitetida faoliyat yuritayotgan xitoy tili markazi imkoniyatlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Overseas Engineering Technology Institute” loyihasi doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda muhandislik va texnologiyalar yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Guliston davlat universiteti va xitoylik hamkor tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 2026-yil sentyabr oyida universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalari Xitoyda malaka oshirish va stajirovka dasturlarida ishtirok etishlari rejalashtirildi.
Tashrif davomida mehmonlarga Guliston davlat universitetining ilmiy markazlari, innovatsion loyihalari hamda zamonaviy ta’lim infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Delegatsiya universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi ishlarni yuqori baholadi.










Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文


