"Jamoat salomatligini muhofaza qilishda giyohvandlikka qarshi kurash: tibbiy-profilaktik yondashuvlar va innovatsion yechimlar" mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi
2026-yil 3-iyun kuni Guliston davlat universitetida “Jamoat salomatligini muhofaza qilishda giyohvandlikka qarshi kurash: tibbiy-profilaktik yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarni turli zararli odatlardan asrash hamda giyohvandlikka qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlandi.
Anjumanning ochilishiga bag‘ishlangan yalpi majlisda Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor M.Xodjiyev so‘zga chiqib, bugungi globallashuv sharoitida giyohvandlikning nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy, ma’naviy va iqtisodiy xavf sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, profilaktik ishlarni kuchaytirish, ta’lim muassasalari va jamoatchilik hamkorligini rivojlantirish hamda innovatsion yondashuvlar asosida samarali kurash mexanizmlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori D.Eshmurodov moderatorligida o‘tkazilgan yalpi majlisda giyohvandlikning jamiyat va inson salomatligiga salbiy ta’siri, uning oldini olish bo‘yicha zamonaviy tibbiy-profilaktik chora-tadbirlar, yoshlar ongida sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, ta’lim muassasalarida profilaktik faoliyatni takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalar asosida monitoring va nazorat tizimlarini rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Anjuman davomida giyohvandlikka qarshi kurashning ilmiy, amaliy va innovatsion jihatlari yana bir bor chuqur ilmiy asosda yoritildi. Mutaxassislar, olimlar va amaliyotchilar tomonidan ushbu muammoning kelib chiqish omillari, uning yoshlar tarbiyasiga ta’siri, psixologik va tibbiy oqibatlari yuzasidan qimmatli fikr va takliflar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, ilm-fan va innovatsiyalar asosida ishlab chiqilayotgan yangi profilaktik yondashuvlar jamoat salomatligini muhofaza qilishda mustahkam ilmiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bois, giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush madaniyatini rivojlantirish, yoshlarni zararli odatlardan himoya qilish va ularning ma’naviy immunitetini kuchaytirish masalalarini chuqur tadqiq etish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ilmiy anjuman doirasida giyohvandlikka qarshi kurashning xalqaro tajribalari, profilaktik tibbiyotning zamonaviy yutuqlari, psixologik reabilitatsiya usullari, yoshlar bilan ishlashning samarali mexanizmlari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xavf guruhlarini aniqlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning innovatsion usullari hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar hamkorligini rivojlantirish kabi muhim mavzular yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur respublika ilmiy-amaliy anjuman ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini yanada mustahkamlash, jamoat salomatligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda giyohvandlikka qarshi kurashda samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim ilmiy maydon vazifasini o‘tamoqda. Anjuman ishida respublikaning turli hududlaridan kelgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, tibbiyot mutaxassislari, tadqiqotchilar va yosh olimlar faol ishtirok etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文



