Ish tashlash – mehnat nizolarini hal etishning huquqiy vositasi.
Mehnat munosabatlari jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy
barqarorlikni ta’minlashda muhim o’rin tutadi. Xodimning munosib mehnat sharoitida
ishlashi, o’z mehnati uchun adolatli haq olishi hamda mehnat huquqlari va qonuniy
manfaatlarining ta’minlanishi mehnat sohasidagi davlat siyosatining muhim yo’nalishlaridan
biridir.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarida
xodimlar va ish beruvchilarning manfaatlari har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi.
Bunday holatlarda taraflar o’rtasida mehnat nizolari yuzaga kelishi mumkin.
Mehnat nizolarini tinch yo’l bilan hal
etish, avvalo, taraflarning muzokara olib borishi va o’zaro maqbul echimga erishishini
nazarda tutadi. Biroq ayrim hollarda xodimlarning jamoaviy talablarini boshqa vositalar
orqali hal etish imkoniyati mavjud bo’lmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatlarda
xodimlarning o’z huquq va qonuniy manfaatlarini jamoaviy ravishda himoya qilish
vositalaridan biri sifatida ish tashlash instituti muhim ahamiyat kasb etadi.
Ish tashlash xodimlarning mehnat huquqlari
va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning jamoaviy shakllaridan biri hisoblanadi.
U, avvalo, xodimlar bilan ish beruvchi o’rtasida yuzaga kelgan mehnat nizosini hal
etishga qaratilgan vosita sifatida namoyon bo’ladi.
Ish tashlashning asosiy mazmuni xodimlarning
o’z mehnat majburiyatlarini vaqtincha bajarishdan jamoaviy ravishda voz kechishi
orqali ish beruvchiga o’z talablarini ko’rib chiqish va hal etish zarurligini bildirishdan
iborat.
Ish tashlash mehnat munosabatlarida xodimlarning
jamoaviy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish imkonini beruvchi muhim huquqiy
institutdir. Uning ahamiyati shundaki, yakka tartibda bildirilgan talablarni amalga
oshirish imkoniyati cheklangan hollarda xodimlar o’z manfaatlarini jamoaviy tarzda
himoya qilish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Shu jihatdan, ish tashlash xodimlar va
ish beruvchi o’rtasidagi manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiluvchi vositalardan
biri sifatida qaraladi.
Biroq, ish tashlash faqat xodimlarning
o’z talablarini ilgari surish vositasi bo’lib qolmay, balki muayyan huquqiy oqibatlarni
ham keltirib chiqarishi mumkin.
Xususan, ish tashlashning qonunchilikda
belgilangan tartib va shartlarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi uning huquqiyligini
belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Aksincha, belgilangan tartibga rioya
qilinmagan holda o’tkazilgan ish tashlash xodimlar, ish beruvchi va boshqa shaxslarning
huquq va qonuniy manfaatlariga ta’sir ko’rsatishi, shuningdek, qonunchilikda nazarda
tutilgan huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Ish tashlashning oqibati, bir tomondan,
xodimlarning mehnat shartlarini yaxshilash, mehnatga haq to’lash, mehnat huquqlarini
ta’minlash yoki boshqa jamoaviy talablarni ilgari surish bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchi
tomondan, ish beruvchining faoliyati vaqtincha to’xtashi yoki cheklanishiga olib
kelishi mumkin.
Shu sababli ish tashlash huquqini amalga
oshirishda xodimlarning jamoaviy manfaatlari bilan bir qatorda ish beruvchi, boshqa
xodimlar va jamiyat manfaatlari o’rtasidagi muvozanatni ta’minlash masalasi ham
muhim hisoblanadi.
Shunday qilib, ish tashlashni faqat mehnat
faoliyatini vaqtincha to’xtatish sifatida emas, balki mehnat nizolarini hal etish,
xodimlarning jamoaviy manfaatlarini himoya qilish va mehnat munosabatlarida taraflarning
manfaatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan huquqiy vosita sifatida baholash mumkin.
Mazkur nizolarni sud tartibida hal etish
maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksida e’lon qilingan ish tashlashning boshlanish
vaqtini kechiktirish, uni to’xtatib turish yoki ish tashlashni noqonuniy deb topish
to’g’risidagi ishlarni sudlar tomonidan ko’rib chiqish tartibi belgilangan.
Mazkur normalarning ahamiyati shundaki,
ish tashlash xodimlarning jamoaviy mehnat huquqlarini amalga oshirish shakli bo’lishi
bilan birga, ish beruvchi, boshqa xodimlar va ayrim hollarda jamiyat manfaatlariga
ham ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Shu sababli, qonunchilik ish tashlashni
o’tkazish bilan bog’liq nizolarni sud nazorati ostida ko’rib chiqish imkonini beradi.
Ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish
yoki uni to’xtatib turish haqidagi talab ish tashlashning muayyan muddat davomida
o’tkazilishining oldini olishga qaratilgan bo’lsa, uni noqonuniy deb topish haqidagi
talab ish tashlashni o’tkazish uchun qonunchilikda belgilangan talablar va tartibga
rioya etilgan-etilmaganligini aniqlashni nazarda tutadi.
Shunday ekan, sud bunday ishlarni ko’rishda
nafaqat taraflarning talab va e’tirozlarini, balki ish tashlashni e’lon qilishning
qonuniy asoslari, uni o’tkazish tartibiga rioya qilinganligi hamda ish tashlash
natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan huquqiy oqibatlarni ham baholashi lozim.
D. Burxonov
Sirdaryo viloyat sudining sudyasi

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文


