Pokistonning taniqli olimlari — professor Dr. Shazia Sultana hamda akademik professor Dr. Mushtaq Ahmadga Guliston davlat universitetining “Faxriy professori” unvoni berildi
Mazkur e’tirof universitetning xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi integratsiyani mustahkamlash hamda global ilmiy hamjamiyat bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Professor Dr. Shazia Sultana agro-bioxilma-xillik, bioenergetika, ekologiya, biotexnologiya va barqaror qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda tan olingan yetuk olima hisoblanadi. U 19 mingdan ortiq iqtiboslarga ega bo‘lib, H-indeksi 62 ni tashkil etadi. Olimaning 400 dan ortiq yuqori impakt-faktorli Scopus ilmiy maqolalari chop etilgan.
Akademik professor Dr. Mushtaq Ahmad esa o‘simlik biologiyasi va hayot fanlari sohasida dunyo miqyosida e’tirof etilgan yetuk olimlardan biridir. U TWAS–UNESCO, IAS–OIC, Pokiston Fanlar akademiyasi hamda Xitoy Fanlar akademiyasining PIFI-CAS dasturi a’zosi hisoblanadi.
Professor Mushtaq Ahmadning ilmiy faoliyati dorivor o‘simliklar, bioxilma-xillik, ekologiya, iqlim o‘zgarishi, biotexnologiya, nanotexnologiya va energetik ekinlar kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi. Olimning ilmiy merosi 997 ta ilmiy maqola, 25 mingdan ortiq iqtibos hamda H-indeks 80 ko‘rsatkichlari bilan yuksak baholanadi.
Shuningdek, professor Ahmad Elsevier, Springer, Taylor & Francis va Wiley kabi nufuzli nashriyotlarda chop etilgan 30 ta xalqaro kitob va 35 ta kitob bo‘limi muallifi hisoblanadi. U 50 dan ortiq PhD va postdoktorantlar, yuzlab yosh tadqiqotchilarni tayyorlagan.
Mazkur xorijiy olimlarning Guliston davlat universitetidagi faoliyati doirasida Tabiiy fanlar yo‘nalishi talabalari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun Scopus bazasidagi ilmiy maqolalarni tayyorlash va chop etish, zamonaviy innovatsion loyiha va ishlanmalarni ishlab chiqish bo‘yicha master-klasslar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu tashabbuslar universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos ilmiy maktab yaratish hamda yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.










Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

.gif)


O'zbekcha
Русский
English
中文


